Logo

Qozog‘istonda yangi vitse-prezident tayinlandi

Bugun 16:202 daqiqa

To‘qayevning yaqin safdoshi Yerlan Karin Qozog‘istonda qayta joriy etilgan vitse-prezident lavozimini egalladi.

Qozog‘istonda yangi vitse-prezident tayinlandi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Yerlan Karinni mamlakat vitse-prezidenti etib tayinladi. Bu lavozim mamlakatda 2026-yilda qabul qilingan yangi Konstitutsiya asosida qayta joriy etilgan.

31-avgust kuni Astanada yangi saylangan Qurultoyning yalpi majlisida To‘qayev Yerlan Karin nomzodini vitse-prezidentlikka ilgari surdi. Qurultoyning 145 nafar a’zosidan 141 nafari uning nomzodini qo‘llab-quvvatladi. Shundan so‘ng prezident tegishli farmonni imzoladi.

Yerlan Karin 1976-yilda Turkiston viloyatida tug‘ilgan. U 1997-yilda Aktyubinsk davlat universitetining tarix fakultetini tamomlagan. 1999 yilda Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston davlat universiteti falsafa va siyosatshunoslik fakulteti aspiranturasini yakunlagan. Karin siyosatshunoslik fanlari nomzodi hisoblanadi.

2019-yildan buyon To‘qayevning yordamchisi, davlat kotibi va davlat maslahatchisi kabi lavozimlarda ishlagan. U 2026-yil 30-iyunda Prezident administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan edi.

Lavozim vakolatlari

15-martdagi referendum asosida Konstitutsiyaga kiritilgan va 1-iyuldan kuchga kirgan o‘zgarishlar Qozog‘iston davlat boshqaruv tizimida qator yangiliklarni nazarda tutdi.

Unga ko‘ra, Senat tugatilib, bir palatali parlament — Qurultoy tashkil etildi. Shu bilan birga, 1995-yildan keyin amalda bo‘lmagan vitse-prezident lavozimi qayta tiklandi.

Vitse-prezident prezident tomonidan Qurultoy bilan kelishilgan holda tayinlanadi. U parlament, hukumat va boshqa davlat organlari bilan munosabatlarda davlat rahbari nomidan ish yuritish vakolatiga ega.

Yangi Konstitutsiyaga ko‘ra, prezident muddatidan oldin lavozimidan ozod etilgan taqdirda, uning vakolatlari vitse-prezidentga o‘tadi.

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda vitse-prezident lavozimi avval ham mavjud bo‘lgan. U 1990–1995-yillarda amal qilgan, keyin esa davlat boshqaruv tizimidan chiqarilgan.

Teglar

Mavzuga oid