
Rossiya demografiya statistikasini yashirmoqda
21.05.2025 | 10:4525192
Rossiyada demografik inqiroz yanada chuqurlashmoqda: 2025 yilning birinchi choragida tug‘ilishlar soni 288,8 minggacha pasayib, so‘nggi 200 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichga tushdi. Bu holat fonida Rosstat mart oyidan boshlab tug‘ilish, o‘lim, nikoh va ajralishlar bo‘yicha oylik va mintaqaviy ma’lumotlarni e’lon qilishni to‘xtatdi. Hozirda faqat yil boshidan jamlangan umumiy raqamlar taqdim etilmoqda .

2024 yilda mamlakatda 1,222 mln chaqaloq tug‘ilgan bo‘lib, bu 1999 yildan beri eng past daraja hisoblanadi. 2023 yilga nisbatan tug‘ilishlar 3,4 foizga, 2014 yilga nisbatan esa 30 foizdan ortiqqa kamaygan. Shu bilan birga, o‘tgan yilda aholi soni 596,2 ming kishiga kamayib, o‘rtacha oyiga 50 ming, kuniga 1,6 ming kishi yo‘qotilgan.
Prezident Vladimir Putin 2018 yilda «Demografiya» milliy loyihasi doirasida 6 yil ichida aholi sonining kamayishini to‘xtatishni maqsad qilgan edi. Biroq, 2018–2023 yillar orasida o‘limlar soni tug‘ilishlardan 3,4 mln kishiga ko‘p bo‘lib, aholi tabiiy kamayishi yanada tezlashdi. 2024 yilda Putin 2030 yilgacha tabiiy kamayishni to‘xtatish maqsadini qayta belgiladi.
Demograf Aleksey Raksha Rosstatning ma’lumotlarni yashirishini hukumatning demografik inqirozga nisbatan «noadekvat reaksiyasi» deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, bu vaziyat Rossiyada demografik siyosat samarasizligini ko‘rsatadi.
Rossiya demografiya muammosini chetdan migrant qabul qilish orqali hal qilishga urinmoqda.





