Rossiya Hindistondan benzin sotib olishni boshladi
Yozda Rossiyada benzin iste’moli kuniga kamida 110 ming tonnani tashkil qiladi.
© ReutersRossiya hukumati ichki yonilg‘i inqirozini yumshatish maqsadida Hindistondan benzin sotib olishni boshladi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.
Agentlik manbalaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Hindistondan Rossiyaga kamida 60 ming tonna benzin jo‘natilgan. Boshqa bir manbaning ta’kidlashicha, har biri 30 mingdan 40 ming tonnagacha benzin tashiydigan ikkita tanker Rossiyaga otlangan. Uchinchi manbaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya har oy turli mamlakatlardan jami 400 ming tonna benzin import qilishni rejalashtirmoqda.
Yozda Rossiyada benzin iste’moli kuniga kamida 110 ming tonnani tashkil qiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, iyun oyining birinchi yarmida Belarus Rossiyaga temiryo‘l orqali benzin yetkazib berishni may oyining birinchi yarmiga nisbatan deyarli uch baravar oshirib, ko‘rstakich 70 ming tonnadan oshdi.
Hindistonning qaysi neftni qayta ishlash zavodi Rossiyaga benzin yetkazib berishi hali ham noma’lum. Hindiston Rossiya neftining eng yirik xaridorlaridan biri hisoblanadi. «Reuters» agentligi ta’kidlaganidek, iyun oyida Hindistonning Rossiyadan neft importi rekord darajaga yetdi — kuniga 2,7 million barrel, bu Hindistonning umumiy neft importining yarmidan ko‘pini tashkil qiladi.
Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga dron hujumlari oqibatida yuzaga kelgan yoqilg‘i inqirozi tufayli Rossiya Belarusdan ko‘proq yonilg‘i sotib olishni boshladi. May oyining boshidan beri Rossiyaga yetkazib beriladigan Belarus benzinining narxi 1,8 baravar oshdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston rasmiylari Rossiyadan benzin importi bo‘yicha so‘rov bo‘lganini rad etgandi. O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida esa AI-92 markali avtomobil benzinining narxi tarixiy rekordni yangiladi va bir tonnasi uchun salkam 14 million so‘mga yetdi.





