add

Rossiyada barcha bank kartalari yagona bazaga jamlanadi

Bugun 09:142 daqiqa

Markaziy bank rossiyaliklarning barcha bank kartalari bo‘yicha yagona reyestr yaratishni rejalashtirmoqda, yangi tizim kartalar sonini cheklash va moliyaviy firibgarlikka qarshi kurashga qaratilgan.

Rossiyada barcha bank kartalari yagona bazaga jamlanadi

Rossiyada barcha fuqarolarga tegishli bank kartalari bo‘yicha yagona baza yaratiladi. Bu haqda Davlat dumasidagi yig‘ilishda Raqamli rivojlanish vazirligi rahbarining o‘rinbosari Ivan Lebedev ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashabbus Rossiya Markaziy banki tomonidan amalga oshiriladi va baza bir yil ichida ishga tushirilishi kutilmoqda.

Yagona tizim orqali har bir fuqaroning qaysi bankda nechta karta ochgani aniq ko‘rinib turadi. Lebedevning ta’kidlashicha, bu servis asosan kartalar soniga belgilanadigan limitlarni nazorat qilish uchun qo‘llaniladi. Maqsad — dropperlar, ya’ni firibgarlar pul chiqarish uchun foydalanadigan vositachilar faoliyatini cheklash.

Rasmiylarga ko‘ra, hozir ko‘plab fuqarolar qo‘lida kredit, maosh va hatto chegirma kartalari ham bank kartasi maqomiga ega bo‘lib, ularning umumiy soni nazoratsiz qolmoqda.

 

Qonunchilikdagi o‘zgarishlar

2025 yil dekabr oyida Davlat dumasi internet firibgarligiga qarshi ikkinchi yirik qonunlar paketini muhokama qilishni boshlagan. Hujjatda bir shaxs nomi bilan rasmiylashtirilishi mumkin bo‘lgan kartalar soni 20 ta bilan cheklanishi taklif etilgan. Shu bilan birga, bir bankda beshtadan ortiq karta ochish taqiqlanishi ham nazarda tutilgan.

Biroq Davlat dumasining axborot siyosati qo‘mitasi ushbu me’yorga e’tiroz bildirib, uni olib tashlashni taklif qildi. Qo‘mita fikricha, bu talab fuqarolarni sun’iy ravishda bir nechta bank xizmatlaridan foydalanishga majbur qiladi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda bugun, 10-fevral kuni ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. Kartalarga limit qo‘yish tashabbusini ilk bor 2025 yil mart oyida Elvira Nabiullina ilgari surgan edi.

 

Dropperlar muammosi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil sentabr oyi oxiriga kelib Rossiyada 1,2 mln dropper aniqlangan. Bu ko‘rsatkich 2024 yil dekabriga nisbatan qariyb ikki baravarga oshgan. Ularning uchdan biri xorijiy pasport egalari hisoblanadi.

Regulyator har oy kamida 100 mingta shubhali hisobvaraqni aniqlamoqda, bunday shaxslar odatda 20–30 ta bankda hisob ochadi. Ilgari xuddi shunday mexanizm SIM-kartalar uchun ham joriy etilgan edi — barcha raqamlar yagona bazaga jamlanib, «Gosuslugi» orqali nazorat qilinmoqda.

Teglar

Mavzuga oid