add

Sertifikat masalasiga aniqlik kiritildi: o‘qituvchilarga yil oxirigacha muddat berildi

24.09.2025 | 17:002175

O‘zbekistonda xorijiy til o‘qituvchilari B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi shart. Talabni bajarmagan pedagoglarga 2025 yil oxirigacha vaqtincha ishlash huquqi berildi.

Sertifikat masalasiga aniqlik kiritildi: o‘qituvchilarga yil oxirigacha muddat berildi
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri xorijiy til o‘qituvchilariga qo‘yilgan malaka talablari bo‘yicha yangi buyruqni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga teng xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi shart. Shu bilan birga, amalda sertifikatga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar istisno tariqasida 2025 yil oxirigacha ishlab turishi mumkin. Sertifikatga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar joriy yil yakuniga qadar milliy va xalqaro imtihonlarda ishtirok etishi shart qilib belgilandi. Bu haqda ulardan tegishli tilxat olinishi ham ko‘zda tutilgan. Agar o‘qituvchining mavjud sertifikati o‘quv yili davomida o‘z kuchini yo‘qotsa, u holda o‘qituvchi o‘quv yili yakunigacha ishini davom ettirishi mumkin. Umumiy ta’lim maktablaridagi bo‘sh o‘rinlarni to‘ldirish maqsadida xorijiy tillar yo‘nalishi bo‘yicha 3–4-kurs talabalari ham zarur sertifikatga ega bo‘lgan taqdirda vaqtinchalik ishga qabul qilinishi mumkin. Shuningdek, sertifikat muddati chegaralanmagan hollarda ham uning amal qilish davri olingan kundan boshlab uch yil etib belgilandi. Vazirlik tarkibidagi Xorijiy tillarni ommalashtirish boshqarmasi hamda mahalliy ta’lim boshqarmalariga sertifikatsiz o‘qituvchilar uchun qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etish vazifasi yuklatildi. Ular milliy va xalqaro imtihonlarda pedagoglarning to‘liq ishtirokini ta’minlashi hamda targ‘ibot ishlarini kuchaytirishi zarur. Ijro jarayonini nazorat qilish vazirning birinchi o‘rinbosari Sh. Karimov zimmasiga yuklatildi. Mazkur choralar xorijiy til o‘qituvchilarining malakasini oshirish va ta’lim sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan. Avvalroq mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgan.
Vazirlikning Kengashga javob xatida «mehnat shartnomasini tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish mehnat munosabatlari sub’ektlari (ya’ni, ish beruvchi-ta’lim muassasasi va xodim-pedagog) o‘rtasida hal qilinishi lozim», deya javob bergan edi.
 

Teglar

Mavzuga oid

Sertifikat masalasiga aniqlik kiritildi: o‘qituvchilarga yil oxirigacha muddat berildi | Vaqt.uz