
Sertifikati yo‘q o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish – qonunga zid harakat
31.07.2025 | 12:3039613
O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘qitishni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 312-son qarori va PQ-5117-sonli Prezident qarori qabul qilingan. Bu qarorlarga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab xorijiy til o‘qituvchilari V2 darajadagi til sertifikatiga ega bo‘lishi lozim. Ammo ushbu hujjatlarda sertifikati yo‘q o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish haqida hech qanday ko‘rsatma berilmagan.

Mehnat kodeksi, «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi Qonun va Tarmoq jamoa kelishuvi bu kabi bekor qilish holatlarini huquqiy asosdan mahrum deb biladi. Agar sertifikat talab etilsa ham, dastlab o‘qituvchilar uchun tayyorlov va malaka oshirish kurslari tashkil qilinishi shart. Chunki bakalavr darajasidagi pedagoglar to‘liq mehnat qilish huquqiga ega.
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi ushbu masala yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga murojaat yo‘lladi (https://t.me/talimfankasaba/3315). Unda ish beruvchilar va mas’ullarga V2 sertifikati bo‘lmagan o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish jarayonini to‘xtatish, 312-son qarorga o‘zgartirish kiritish, qonunbuzar rahbarlarga intizomiy chora ko‘rish, kamsitish holatlariga chek qo‘yish kabi rasmiy ko‘rsatmalar berish so‘raldi.
Mehnat kodeksining 54 va 8-moddalarida aniq ta’kidlanishicha, yangi normativ hujjatlar xodimning mavjud huquqlarini yomonlashtirishi mumkin emas. «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi Qonunning 38-moddasi esa xodim manfaatlarini himoya qilishni kafolatlaydi.
Shu sababli, sertifikat yo‘qligi ishdan bo‘shatishga asos bo‘la olmaydi. Bu amaliyotlar to‘xtatilishi va qonun doirasida hal etilishi kerak.





