
«Shakar qimmat, hayot arzon»: G‘azoda bir bo‘lak non «xazina»ga aylandi!
31.07.2025 | 20:0041883
Isroil qamali ostida qolgan G‘azoda insonparvarlik inqirozi yanada og‘irlashmoqda — shakar narxi rekord darajada o‘sib, 1 kg uchun 100 dollargacha yetdi. Bu Yaqin Sharqdagi oziq-ovqat tanqisligining qay darajada xavfli ahvolga kelganini ko‘rsatadi.

G‘azo sektoridagi urush va qamal tufayli kundalik ehtiyoj mahsulotlari — shakar, yog‘ va non kabi oziq-ovqatlar defitsitga aylandi. Qabilalar kengashi vakili Xayl Abu al-Husaynning ma’lum qilishicha, «bir kilogramm shakar, agar u umuman topilsa, 100 dollar turadi. Odamlar yordam karvonlariga tom ma’noda bostirib kirishga majbur. Mahalliy aholi ko‘chalarda, chodirlarda yashamoqda».
Al Qahera News ma’lumotiga ko‘ra, Misrdan jo‘natilgan to‘rtinchi gumanitar karvon chorshanba kuni G‘azoga kirdi. So‘nggi kunlarda kamida 5 ming tonna oziq-ovqat, zaruriy buyumlar va dori-darmon olib kelingan. Ammo gumanitar tashkilot vakillari davom etayotgan qirg‘inbarot urush sharoitida ushbu yordamni aholi o‘rtasida normal taqsimlashning iloji yo‘qligini ta’kidlamoqda.
BMTning UNRWA agentligi «X» ijtimoiy tarmog‘ida G‘azodagi xodimlaridan birining murojaatini e’lon qildi.
«G‘azoda ochlik endi soya emas, u doimiy hamrohga aylandi. Har kuni tongda bir xil savol bilan uyg‘onaman: bugun bolalarimga non topa olamanmi? Bir bo‘lakcha non xazinaga aylangan, bir qoshiq guruch — tabassum uchun sabab. Bolalarim ovqat so‘raydi, lekin shundan keyingi sukut har qanday bombadan ham baland ovoz chiqaradi», deydi u.
Isroilning G‘azoga qarshi urushida kamida 60 249 kishi halok bo‘ldi, 147 089 kishi esa jarohatlandi.





