Shavkat Mirziyoyev o‘quvchilar va ustoz-murabbiylarni Bilimlar kuni bilan tabrikladi
Prezident Bilimlar kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ta’lim tizimidagi islohotlarni davom ettirish, maktab o‘quvchilariga zamonaviy kasb-hunar o‘rgatish va hududlarda «Kasblar shaharchalari»ni tashkil etish rejalari haqida ma’lum qildi.
© Prezident matbuot xizmatiO‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bilimlar kuni munosabati bilan maktab o‘quvchilari, ustoz va murabbiylar hamda ota-onalarga tabrik yo‘lladi.
Davlat rahbari yangi o‘quv yili O‘zbekiston ta’lim tizimi, jumladan, maktab, litsey, texnikum va oliygohlar hayotida yangi ma’rifiy yuksalish yili bo‘lishini tiladi.
Prezidentning ta’kidlashicha, keyingi yillarda ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida Yangi O‘zbekiston maktablari yangicha qiyofa kasb etib, ta’lim sifati takomillashib bormoqda.
Shuningdek, o‘qish, kasbiy ta’lim, IT, ijodiy izlanishlar, sport va jamoat ishlarida dastlabki yutuqlarga erishayotgan yoshlar mamlakatning «nurli kelajagi» va «oltin fondi» sifatida baholandi.
Maktab bitiruvchilari bitta zamonaviy kasbni egallashi kerakil
Shavkat Mirziyoyev ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirishga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratilishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, maktabni tamomlab katta hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlar puxta bilim bilan birga kamida bitta zamonaviy kasb-hunarni egallab chiqishi uchun sharoit yaratiladi.
Buning uchun hududlarda «Kasblar shaharchalari» tashkil etilib, ularga zamonaviy tajriba va ilg‘or mutaxassislar jalb qilinadi.
Prezident yoshlarni bilim olishga, yangi g‘oya va innovatsiyalarni, kasb va hunarlarni puxta egallashga chaqirdi. Shuningdek, ona tili, tarix va madaniyat bilan bir qatorda jahon tarixi hamda xorijiy tillarni o‘rganish muhimligini ta’kidladi.
Davlat rahbari yoshlarni izlanish va harakatdan to‘xtamaslikka, Vatan va xalqiga sadoqat bilan yashashga chaqirib, ustoz va ota-onalarni eng yaqin do‘st hamda maslahatchi deb bilish lozimligini qayd etdi.
Prezident yangi o‘quv yilida o‘quvchilarga a’lo baholar, sihat-salomatlik, omad va zafar tiladi.





