add

Sirdaryoda Xitoy hamkorligida farmatsevtika oliygohi ochiladi

Kecha 19:381111 daqiqa

Prezident Sirdaryoda yangi farmatsevtika oliygohini barpo etish, yirik ekoturizm hududlari yaratish va yoshlarni Xitoyda o‘qitish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Sirdaryoda Xitoy hamkorligida farmatsevtika oliygohi ochiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda Sirdaryo viloyatining iqtisodiy rivoji, bandlik siyosati va ta’lim yo‘nalishlarini qamrab olgan bir qator yirik loyihalar taqdim etildi. Yig‘ilishda bildirilishicha, Guliston shahridan o‘tuvchi «Do‘stlik» kanali bo‘yida 67 gektar maydonda zamonaviy savdo-ko‘ngilochar majmua barpo etiladi.

Prezident aholi bandligini oshirish va kambag‘allikni qisqartirishda yangi yondashuvlar joriy etish zarurligini ta’kidlab, mahalliy rahbarlar doimiy ravishda tajriba orttirishi lozimligini qayd etdi. Shu maqsadda 11 ta tuman hokimining birinchi o‘rinbosarlarini Pekindagi Kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro markazda amaliyot o‘tashini tashkil etish topshirildi.

Yoshlar malakasini oshirish doirasida Sirdaryo viloyatidan 50 nafar yoshni Pekin shahriga yuborib, avtomobil xizmat ko‘rsatishi bo‘yicha o‘qitish rejalashtirildi. Shu bilan birga, kasb-hunar ta’limi imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Guliston universiteti qoshida Xitoyning «Lu Ban ustaxonasi» dasturi asosida o‘quv markazi tashkil etiladi.

Yig‘ilishda yana bir muhim tashabbus sifatida Sirdaryo tumanidagi tibbiyot texnikumi negizida Xitoy bilan hamkorlikda farmatsevtika texnologiyalari yo‘nalishida ilmiy-amaliy oliygohni barpo etishga ko‘rsatma berildi.

Teglar

Mavzuga oid

Sirdaryoda Xitoy hamkorligida farmatsevtika oliygohi ochiladi | Vaqt.uz