
Sog‘liqni saqlash sohasidagi eng zo‘r rahbarlarga 30 mln so‘mdan pul mukofoti beriladi
Shuningdek, ular rahbarlik qilayotgan shifoxona va poliklinika infratuzilmasini yaxshilashga 500 million so‘mdan ajratiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvida rahbarlarni rag‘batlantirish tizimi o‘zgartirilishi ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, eng zo‘r viloyat va tuman sog‘liqni saqlash bo‘limlari, oilaviy poliklinika mudirlariga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi» unvoni, orden va medallar, 30 million so‘mdan pul mukofoti beriladi. Ular rahbarlik qilayotgan shifoxona va poliklinika infratuzilmasini yaxshilashga 500 million so‘mdan ajratiladi.
Har bir viloyatda eng yaxshi 2 ta tumanning sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari va oilaviy poliklinika mudiri AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya, Turkiya kabi tibbiyoti rivojlangan mamlakatlarga menejerlikka o‘qitish uchun yuboriladi.
Shuningdek, klinik protokollarni eng ilg‘or tajribalar asosida yangilagan, davolashning yangi usullarini joriy qilgan, tuman va mahallada ishni to‘g‘ri tashkil qilgan, xorijdan yaxshi hamkor topib, mutaxassis va investitsiyalarni olib kelgan, markazini zamonaviy uskunalar va laboratoriyalar bilan jihozlagan, tibbiy xizmatlar eksportini karrasiga oshirgan markaz direktorlari, filiallar rahbarlari ham munosib taqdirlanadi.
«Shunday qilsak, poliklinikada, tuman va viloyat shifoxonalarida, respublika markazlarida raqobat va ishchanlik muhiti paydo bo‘ladi, yaxshi tajribalar yuzaga chiqadi. Munosib soha vakillari adolatli mukofotlanadi, g‘ururi yuksaladi. Xalqimiz ham buning bevosita ishtirokchisiga aylanadi», – dedi prezident.





