
Suv va kanalizatsiya tariflari 1 iyundan 30 foizga oshiriladi
27.05.2025 | 11:4025932
Toshkent viloyatida aholi, byudjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun suv hamda kanalizatsiya xizmatlari narxi oshiriladi. Yangi tariflar 2025 yil 1 iyundan amalga kiritiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, aholi uchun 1 metr kub ichimlik suvi narxi 2240 so‘mdan 2912 so‘mgacha ko‘tariladi. Bu qariyb 30 foizlik o‘sishni anglatadi. Shuningdek, kanalizatsiya xizmatlari uchun tarif 1120 so‘mdan 1456 so‘mgacha oshadi.
Byudjet tashkilotlari va yirik iste’molchilar uchun ham tariflar qayta ko‘rib chiqildi. Ular uchun ichimlik suvi narxi 1 metr kub uchun 16 800 so‘mgacha, kanalizatsiya xizmati esa kubiga 3 360 so‘mgacha belgilangan.
Tariflar oshirilishi ortida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadi turibdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu qaror amalga oshishidan avval jamoatchilik va mutaxassislar ishtirokida muhokama qilingan.
Mahalliy aholi orasida ushbu o‘zgarishlarga nisbatan turli munosabatlar kuzatilmoqda. Ayrimlar ta’minot sifatining oshishiga umid bildirsa, boshqalar uchun bu o‘zgarish iqtisodiy yukni oshiradi.
Hukumat va sohaviy idoralar bu jarayonni ijtimoiy adolat mezonlariga asoslangan holda amalga oshirishga va’da bermoqda.





