Logo

Tailand vizasi uchun O‘zbekistonliklarning Moskvaga borishi talab etiladi

Bugun 18:532 daqiqa

Vaqt.uz so‘roviga javoban Tashqi ishlar vazirligi izoh berib, O‘zbekiston fuqarolari vizani elektron tarzda so‘rashi mumkinligini ma’lum qildi. Biroq arizani yakunlash uchun Tailandning Moskvadagi elchixonasiga shaxsan borib, to‘lovni naqd amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

Tailand vizasi uchun O‘zbekistonliklarning Moskvaga borishi talab etiladi

Tailand 93 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari uchun amalda bo‘lgan 60 kunlik vizasiz rejimni bekor qildi. Yangi tartib 2026-yil 15-sentabrdan kuchga kiradi.

O‘zbekiston fuqarolari endi Tailandga kirishdan oldin viza rasmiylashtirishi kerak bo‘ladi. Arizani Tailandning rasmiy elektron viza portali orqali topshirish mumkin. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati Omonilla Fayziyev Vaqt.uz so‘roviga javoban ma’lum qildi.

Biroq elektron ariza berishning o‘zi yetarli emas. Ariza beruvchi shaxsan Tailandning Moskvadagi elchixonasiga borib, viza to‘lovini naqd pulda amalga oshirishi talab etiladi.

thailand embasy

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev mamlakat fuqarolari uchun qulayroq sharoitlar yaratish ustida ish olib borilayotganini bildirdi.

«Biz Tailand tomoni bilan ushbu tartibni o‘zgartirish bo‘yicha muzokaralar olib boryapmiz», — dedi u.

Parvoz sanasiga ham e’tibor berish kerak

Yangi tartib kuchga kirishi Tailandga uchayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun safar sanasini ham muhim omilga aylantiradi. Shuningdek, 14-sentabr kuni Toshkentdan uchib, ertasiga Bangkokka yetib boradigan yo‘lovchilarga ham yangi viza talabi tatbiq etiladi.

Avvalroq «Uzbekistan Airways» 15-sentabrdan Tailandga turistik maqsadda borayotgan O‘zbekiston fuqarolari parvozdan oldin viza rasmiylashtirishi lozimligini ma’lum qilgan edi. Aviakompaniya viza yig‘imi AQSH dollarida Tailandning eng yaqin konsulxonasida to‘lanishini bildirgan.

Tailand nega vizasiz tartibni o‘zgartirdi?

Tailand hukumatining vizasiz rejimni qayta ko‘rib chiqish haqidagi qarori mamlakatga kirib kelayotgan ayrim xorijliklar tomonidan tartibning suiiste’mol qilinishi bilan bog‘liq xavotirlar fonida qabul qilingan.

Qaror Tailand bosh vaziri va ichki ishlar vaziri Anutxin Chanvirokun tomonidan 31-avgust kuni imzolangan. «Bangkok Post» Tailand Qirollik gazetasiga tayanib xabar berishicha, hukumat may oyida xorijliklar uchun vizasiz qolish muddatini qisqartirishni ma’qullagan.

Tailand hukumati ayrim xorijliklar mamlakatga turist sifatida kirib, keyinchalik noqonuniy tadbirkorlik bilan shug‘ullangani, tegishli ruxsatsiz ishlagani yoki transmilliy jinoiy sxemalarda ishtirok etgani haqida ma’lum qilgan.

Yangi tartib bilan 60 ta davlat fuqarolari Tailandda 30 kungacha vizasiz qolishi mumkin. Ushbu ro‘yxatga Avstraliya, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Gruziya, BAA, AQSH, Turkiya, Ukraina va Yaponiya kabi mamlakatlar kiritilgan.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida esa faqat Qirg‘iziston fuqarolari 30 kungacha vizasiz kirish imkoniyatini saqlab qoladi.

Ozarbayjon, Belarus va Serbiya fuqarolari uchun boshqa tartib amal qiladi: ular vizani Tailandga yetib borgach olishi mumkin.

O‘zbekiston esa na yangi vizasiz kirish ro‘yxatiga, na mamlakatga yetib borgach viza olish huquqiga ega davlatlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Teglar

Mavzuga oid