
Tashqi iqtisodiy faoliyatning tovar kodlari yangilandi
20.05.2025 | 17:179753
Prezident qarori bilan Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 13 138 ta koddan iborat yangilangan tizimi tasdiqlandi. Ushbu hujjat 2025 yil 1 iyundan kuchga kiradi va tovarlarga bojxona boji stavkalarini belgilashda mavjud muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

2025 yil 14 mayda Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PQ-181-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, jami 13 138 ta tovar kodidan iborat Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi (TIF TN) tasdiqlandi.
Amaldagi 12 813 ta kod Jahon savdo tashkilotining fuqaro aviatsiyasi va axborot texnologiyalari bo‘yicha bitimlariga muvofiqlashtirildi. Qo‘shimcha ravishda 289 ta yangi kod joriy etildi hamda 1122 ta tovar podgruppalarida o‘zgartishlar amalga oshirildi.
Shuningdek, mahsulotlarning mavsumiy xususiyatini inobatga olgan holda 07 va 08-gruppalar (mevalar va sabzavotlar) uchun 34 ta yangi kod joriy qilindi va 72 ta mavjud kod qayta ko‘rib chiqildi.
Yangi tizim import bojxona boji stavkalarini belgilashdagi amaliyot muammolarini hal etishga qaratilgan. Xususan, vitamin va mineral qo‘shimchalar hamda avtotransport vositalari va ularning ehtiyot qismlari uchun stavkalardagi nomutanosiblik bartaraf etildi. Buning uchun 21 va 87-gruppalardagi 351 ta kodga o‘zgartish kiritildi.
E’tiborli jihati shundaki, endilikda ushbu nomenklatura hamda import bojxona boji stavkalari ilk bor davlat tilida rasman e’lon qilinmoqda. 2027 yildan boshlab esa ular boj tarifi bilan birgalikda yuritiladi.
Qaror bilan mutasaddi vazirlik va idoralarga uch oy muddatda avtotransport vositalari ehtiyot qismlarining yangi yoki foydalanilganligini aniqlash mezonlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, Transport vazirligiga fuqaro aviatsiyasida foydalaniladigan tovarlarni aniqlash vakolati berildi.





