
Tesla avtopilot dasturini faqat oylik obunada taklif qiladi
Ilon Mask fevraldan boshlab avtoboshqaruv dasturini bir martalik xarid qilish imkoni bekor bo‘lishini ma’lum qildi.

Tesla 14-fevraldan boshlab avtoboshqaruv dasturini faqat oylik obuna asosida taklif qiladi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Ilon Mask ma’lum qildi. Qarorga ko‘ra, mazkur sanadan keyin avtopilot dasturini bir martalik to‘lov evaziga sotib olish imkoni bo‘lmaydi.
Ayni paytda Tesla elektromobillari egalari avtoboshqaruv dasturini 8 ming dollarlik bir martalik to‘lov orqali yoki oyiga 99 dollar obuna sifatida sotib olish imkoniyatiga ega. Yangi tartib bu modelni tubdan o‘zgartiradi va foydalanuvchilarni faqat obunaga o‘tishga majbur qiladi.
2025 yilda Milliy avtomobil yo‘llari harakati xavfsizligi boshqarmasi ushbu tizim bilan jihozlangan 2,88 mln Tesla avtomobili yuzasidan tekshiruv boshlagan edi. Bunga yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari buzilishiga doir 50 dan ortiq xabar va bir qator avtohalokatlar sabab bo‘lgan.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, yo‘lovchi avtomobillarida bu dasturning nazorat talab etuvchi versiyasi qo‘llaniladi. Shu bilan birga, ayrim zavodlarda yig‘ish liniyalaridan yetkazib berish maydonlariga avtomobillarni ko‘chirishda dasturning nazoratsiz versiyasidan foydalaniladi.
Tesla’ning avtoboshqaruv tizimi shahar ko‘chalaridagi o‘zgarishlar, svetofor va yo‘l belgilariga rioya qilish kabi kengroq funksiyalarni qamrab oladi.
Ma’lumot o‘rnida, avtoboshqaruv dasturi — haydovchiga yordam beruvchi tizim bo‘lib, u to‘liq avtoboshqaruvni anglatmaydi. Dasturdan foydalanish jarayonida haydovchi doimiy ravishda yo‘lni kuzatib borishi va zarurat tug‘ilganda nazoratni qo‘lga olishi shart. Shu bois Tesla so‘nggi paytlarda tizim nomiga «Supervised» atamasini qo‘shib kelmoqda.





