add

Tesla Model 3 va Model Y elektromobilining arzon variantlari taqdim etildi

08.10.2025 | 18:209474

Kompaniya akkumulyator hajmi kichik va ayrim funksiyalarsiz yangi modellarni 37 ming dollar va 40 ming dollar narxda sotuvga chiqardi.

Tesla Model 3 va Model Y elektromobilining arzon variantlari taqdim etildi
Tesla kompaniyasi o‘zining eng arzon elektromobil variantlarini taqdim etdi. Bu haqda The Verge nashri xabar berdi. Yangi «Standard» seriyasi ikki model — Model 3 sedani va Model Y krossoveri uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular uchun buyurtmalar allaqachon qabul qilina boshlandi. Avtomobillar yetkazib berish 2025 yil dekabr oyida yo‘lga qo‘yiladi. AQSH bozorida Tesla Model 3 Standard narxi 37 ming dollardan, Model Y Standard esa 40 ming dollardan boshlanadi. Har ikki model uchta rangda — oq, kulrang va qora variantlarda taklif etilmoqda. Tesla ma’lumotlariga ko‘ra, yangi versiyalar bir marta quvvatlanganda taxminan 515 kilometr masofani bosib o‘tishi mumkin. Akkumulyator sig‘imi qisqartirilgan bo‘lsa-da, ishlab chiqaruvchi modellarni «maksimal samaradorlik» uchun moslashtirganini ta’kidlamoqda. Mashinalar 15,4 dyuymli multimedia ekrani, Grok ovozli yordamchisi, old o‘rindiqlar va rul isitish tizimi bilan jihozlangan. Shu bilan birga, arzonroq narxni ta’minlash maqsadida Tesla panoramali tom, ko‘zgu yig‘ish tizimi hamda orqa o‘rindiqlar uchun displey kabi ayrim qulayliklarni olib tashladi. Reuters’ning qayd etishicha, arzon variantlarning joriy etilishi Tesla sotuvlarini rag‘batlantirishi kutilmoqda. Sababi — Yevropa va Xitoy ishlab chiqaruvchilari bilan kuchayib borayotgan raqobat hamda AQSHda elektromobil xaridi uchun berilayotgan soliq imtiyozlarining bekor qilinishi kompaniya mahsulotlariga talabni pasaytirgan. Tesla rahbari Ilon Mask 2020 yilda keng omma uchun arzon elektromobil ishlab chiqarish rejalarini e’lon qilgan edi. Keyinchalik u 2023 yil noyabrda 25 ming yevrolik model ishlab chiqarilishi mumkinligini aytgan, ammo 2024 yil bahorida bu reja robotaksi loyihasi foydasiga kechiktirilgani ma’lum qilingan.

Teglar

Mavzuga oid