
Tibbiyot xodimlariga imtiyozlar, so‘kong‘ich soliqchi va poraxo‘r sudyaga hukm — hafta dayjesti
O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistoda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni yana bir bor esga olamiz.
Tibbiyot xodimlariga imtiyozlar berildi
Uzoq yillardan beri past maosh bilan yuzlashayotgan tibbiyot xodimlari uchun hafta davomida qator yangi imtiyozlar taqdim etildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026 yildan boshlab tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator choralarni belgilovchi qarorni imzoladi.
Unga ko‘ra:
Ish haftasi 5 kunlik rejimga o‘tkaziladi, navbatchilik tizimi saqlanadi.
Tanlovlar asosida muassasalarga 500 mln, xodimlarga 30 mln so‘m bir martalik mukofotlar beriladi.
Yangi davolash usullarini joriy qilgan shifokorlarga 20,6 mln so‘m mukofot beriladi.
15 yildan ortiq ish stajiga ega xodimlarning farzandlariga oliygohlarda kontraktning 30 foizi qoplab beriladi.
Xalqaro jurnallarda maqola chop etish xarajatlari qoplanadi.
Ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning 25 foizi to‘lanadi.
Yiliga bir marta bepul yuqori texnologik tibbiy yordam va sanatoriy yo‘llanmalari beriladi.
Davlat xizmatlari uchun to‘lovlar ikki barobar kamaytiriladi.
Qaror ijrosi uchun har yili 100 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.
Soliq inspeksiyasi boshlig‘i xodimlarini haqorat qildi
Hafta yakunida Sirdaryo tuman soliq inspeksiyasida boshliq Tohir Elmurodov xodimlarni haqorat qilgani aks etgan videolar tarqaldi. Bu hodisa rahbarlik va odob-axloq masalalarida tizimdagi kamchiliklarni ochiq namoyon qildi.
Sirdaryo tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Tohir Elmurodov yig‘ilishda qo‘l ostidagi xodimlarni qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilgan. Shuningdek, u qarzdorlik ko‘pligini aytib, xodimlarga tahdid qilgan.
Mazkur holat bo‘yicha Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi. «Dastlabki o‘rganishlar davomida mazkur holat 2024 yilda sodir bo‘lganligi aniqlandi», deyiladi munosabatda.
Viloyat soliq boshqarmasiga ko‘ra, voqeani o‘rganish yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etiladi.
AKFA Amerikada zavod qurmoqda
Hafta davomida biznes va investitsiyalar maydonida muhim yangiliklar ro‘y berdi. Ulardan biri — o‘zbekistonlik kompaniyaning Amerika bozoriga kirib borishi bilan bog‘liq yirik dastur.
Ortiqxo‘jayevdan 600 million dollarlik ulkan loyiha start olmoqda.
Toshkent shahrining sobiq hokimi, biznesmen Jahongir Ortiqxo‘jayevning ma’lum qilishicha, unga tegishli Akfa Group kompaniyasi AQSHning Kentukki shtatida Turkiya kompaniyasi bilan hamkorlikda yirik zavod qurilishini boshlagan.
Birinchi bosqichda loyihaga 105 million dollarlik investitsiya jalb etilmoqda, loyiha umumiy qiymati esa 600 million dollarga baholanmoqda.
«Bu zavodda nafaqat mahsulot ishlab chiqariladi, balki u brend sifatida ham eksport qilinadi», — deya ta’kidladi Ortiqxo‘jayev.
Ma’lumot uchun, 7-noyabr kuni AQSH va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan bitimga ko‘ra, keyingi 10 yil ichida O‘zbekiston AQSH iqtisodiyotiga 100 milliard dollar investitsiya kiritishi kelishib olingan edi.
Kapadze O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyligidan ketdi
Yakunlanayotgan haftada O‘zbekiston milliy terma jamoasida murabbiylar shtabida muhim o‘zgarish yuz berdi: sobiq bosh murabbiy va keyingi yordamchi murabbiy Temur Kapadze jamoadan ketdi.
Qayd etilishicha, Temur Kapadze rahbariyatga lavozimidan ozod etish to‘g‘risida rasmiy murojaat yo‘llagan va bu qarorning sababi — bosh murabbiy sifatida faoliyatni davom ettirish istagi bo‘lgani aytilgan.
Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Kapadzega boshqa jamoalardan takliflar tushgan va kelgusida yangi loyiha doirasida ish boshlashi kutilmoqda. U Indoneziya milliy jamoasida ish boshlashi ham mumkin.
Temur Kapadze 2025 yilning yanvaridan 6-oktabrgacha milliy terma jamoani boshqargan. Bu muddat ichida u 9 ta o‘yin o‘tkazib, 5 g‘alaba va 4 durang natijasini qayd etgan.
Oktyabr oyidan esa u italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro rahbarligidagi terma jamoada yordamchi murabbiy sifatida ish olib borgan.
U O‘zbekiston milliy jamoasini Jahon chempionati va Olimpiadaga olib chiqqan yagona murabbiy sifatida tarixga kirgan.
Andijonda pora olgan sudya qamaldi
Sud tizimida korrupsiya holatlari ko‘p kuzatilib, aholining adolatga ishonchini susaytirmoqda. Xonobod tumani sobiq sudyasining 30 ming dollar pora bilan qo‘lga tushishi esa bu tizimdagi kamchiliklarni yana bir bor ochib berdi.
Sudyaning avvalroq boshqa sud tomonidan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddatini kamaytirishni va’da qilib, sudlangan shaxsning onasidan 30 ming dollar miqdordagi pulni olgan vaqtda qo‘lga tushgani ma’lum qilingan edi.
17-oktabrda e’lon qilingan hukmga ko‘ra, Xonobod tumani sobiq sudyasi 10,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. U mansab mavqeyidan foydalanib firibgarlik qilish va korrupsiya sodir etishga tayyorgarlik ko‘rganlikda aybdor deb topilgan.
Oktyabrda nimalar qimmatlashdi?
Hafta yakunida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, oktabr oyida ayrim mahsulotlar narxi sezilarli darajada oshgani kuzatildi. Ayniqsa, metan va benzin qimmatlashdi, gazeta, jurnal va kundalik ehtiyoj mahsulotlarida ham o‘sish bo‘ldi. Oltin narxi oshgani tufayli nikoh uzuklari ham qariyb 40 foizga qimmatlashgan.
Umumiy narxlar barqaror bo‘lsa-da, yoqilg‘i va energiya xarajatlari aholining asosiy xavotir manbai bo‘lib qolmoqda.
Tahlil qilingan 250 turdagi tovarlarning 97 foizida yillik o‘sish 10 foizdan oshmagan. Ayrim mahsulotlarda arzonlashish kuzatilgan: propan 18 foizga, A4 qog‘oz 3,9 foizga, yirik oshxona jihozlari 3,5 foizga arzonlashgan.
4 nafar egizak dunyoga keldi
Bu hafta quvonchli voqea yuz berdi: Qarshi shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qashqadaryo filialida 4 nafar egizak chaqaloq dunyoga keldi.
Xabarga ko‘ra, egizak qizaloqlar Kitob tumanida yashovchi Jasur Maqayev va Dilfuza Bahriddinova oilasida tug‘ilgan. Ular avvaldan besh nafar qizni voyaga yetkazayotgan bo‘lib, yangi tug‘ilgan egizaklar bilan farzandlar soni to‘qqiz nafarga yetdi.
Qayd etilishicha, chaqaloqlar kesarcha kesish amaliyoti orqali muddatidan oldin tug‘ilgan. Ular tegishlicha 1400 gramm, 1450 gramm, 1600 gramm va 1400 gramm og‘irlikda dunyoga kelgan. Hozirda qizaloqlar tibbiy muassasada xalqaro protokollar asosida parvarish qilinmoqda.
174 tup daraxt qotili kim?
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida 174 tup daraxt moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlangani va tabiatga 1 mlrd 460 mln 952 ming so‘m zarar yetkazilgani xabar qilingandi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayevga ko‘ra, mazkur holat ortidan obodonlashtirish xodimlariga jinoyat ishi ochilgan.
8-noyabr kuni obodonlashtirish boshqarmasi mansabdorlari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksning 198-moddasi 2-qismiga (o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lishi) asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
«Qizig‘i, daraxt kesish topshirig‘ini bergan shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov yana suvdan quruq chiqmoqda. Uning o‘rniga topshiriqni bajargan, «tanka»si yo‘q obodonlashtirish xodimlari javob beradigan ko‘rinadi. Mana bu haqiqiy nomardlik», deydi Rasul Kusherboyev.
Ayni vaqtga holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.






