add

Til sertifikati yo‘q o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuv — vazirlik

14.08.2025 | 17:0041674

Maktbgacha va maktab ta’limi vazirligi B2 sertifikati bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari bilan shartnomalarni to‘xtatish bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma bermaganini bildirdi.

Til sertifikati yo‘q o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuv — vazirlik
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi ushbu masala yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga murojaat yo‘llagani haqida xabar bergan edik. Unda ish beruvchilar va mas’ullarga V2 sertifikati bo‘lmagan o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish jarayonini to‘xtatish, 312-son qarorga o‘zgartirish kiritish, qonunbuzar rahbarlarga intizomiy chora ko‘rish, kamsitish holatlariga chek qo‘yish kabi rasmiy ko‘rsatmalar berish so‘ralgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Maktbgacha va maktab ta’limi vazirligi mazkur murojaatga rasmiy izoh berdi. Ma’lumotga ko‘ra, B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi 2021 yil 19 maydagi Vazirlar Mahkamasining 312-son qarorida belgilangan bo‘lib, 2025/2026 o‘quv yiliga qadar amalga oshirilishi kerak. Qarorga muvofiq, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida ishlayotgan barcha xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi shart. Bu talab o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish va ularning til o‘rganish ko‘nikmalarini yuqori darajada ta’minlash maqsadida joriy qilingan. Vazirlik ma’lumoticha, joriy yil avgust oyida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan xorijiy til o‘qituvchilari uchun qo‘shimcha test sinovlari tashkil etiladi. Bu imtihonlar orqali o‘qituvchilar o‘z til bilimlarini rasmiy ravishda tasdiqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, vazirlik hech bir hududiy boshqarma va tizim tashkilotiga B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish bo‘yicha rasmiy ko‘rsatma bermaganini alohida ta’kidladi. Mehnat shartnomalari, qonunchilikka ko‘ra, ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuv asosida hal etiladi.

Teglar

Mavzuga oid