Logo

Toshkent—Andijon yo‘lining bir qismida tezlik cheklanadi

Bugun 12:351 daqiqa

Toshkent viloyatining Ohangaron tumani orqali o‘tuvchi A-373 avtomagistralining ayrim uchastkalarida harakat tezligi pasaytiriladi.

Toshkent—Andijon yo‘lining bir qismida tezlik cheklanadi © autostrada.uz

Toshkent—Andijon yo‘nalishidagi A-373 xalqaro ahamiyatga ega avtomagistralning Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi 103–131-kilometrlari oralig‘ida transport vositalari uchun maksimal tezlik me’yorlari o‘zgartiradi.

8-iyun kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining tegishli qarori qabul qilinib, mazkur yo‘l qismida amaldagi 100 km/hlik tezlik cheklovini kamaytirish belgilandi. Qaror yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Hujjatga ko‘ra, M1, M2 va N1 toifasidagi yengil hamda yengil yuk tashuvchi transport vositalari uchun maksimal tezlik 80 km/h etib belgilanadi. N2 va N3 toifasidagi yuk avtomobillari esa mazkur uchastkalarda 50 km/hdan yuqori tezlikda harakatlana olmaydi.

Yangi tartib Ohangaron hududidagi uchta aholi yashash punktidan tashqari joylashgan to‘rtta yo‘l qismiga tatbiq etiladi. Shuningdek, mazkur hududlarda «Yuqori tezlik cheklangan» yo‘l belgilari hamda qo‘shimcha axborot ko‘rsatkichlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Mutaxassislar fikricha, tezlikning pasaytirilishi xavfli uchastkalarda avariyalar sonini kamaytirish va haydovchilar uchun xavfsiz harakat muhitini yaratishga xizmat qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, yil boshida ham Toshkent—Chorvoq avtomobil yo‘lining ayrim qismlarida tezlikni 80 km/hgacha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Ushbu cheklovlar Yuqori Chirchiq va Bo‘stonliq tumanlari hududidan o‘tuvchi yo‘l uchastkalariga nisbatan joriy etilgan.

Teglar

Mavzuga oid