add

Toshkentda xalqaro sport tashkilotlari ishtirokida anjumanlar o‘tkazilmoqda

26.01.2026 | 12:352 daqiqa

Poytaxtda Butunjahon suzish federatsiyasi, Osiyo Olimpiya Kengashi va Jahon antidoping agentligining qator anjumanlari bo‘lib o‘tmoqda.

Toshkentda xalqaro sport tashkilotlari ishtirokida anjumanlar o‘tkazilmoqda

24–27-yanvar kunlari Toshkent shahri bir vaqtning o‘zida jahon sport tizimi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan uchta yirik xalqaro tadbirga mezbonlik qilmoqda. Poytaxtda Butunjahon suzish federatsiyasi Byuro ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi, Osiyo Olimpiya Kengashining 46-Bosh Assambleyasi hamda Jahon antidoping agentligining global forumi o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirlar O‘zbekistonning xalqaro sport maydonidagi nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganini yaqqol namoyon etmoqda.

Jahon sport elitasi Toshkentda

Tadbirlarda 45 ta davlatdan 360 nafardan ortiq yuqori martabali mehmonlar ishtirok etmoqda. Ular orasida Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi, nufuzli sport federatsiyalari va antidoping tashkilotlarining rahbarlari bor. Bu esa Toshkentning nafaqat mintaqaviy, balki global sport masalalari muhokama qilinadigan ishonchli maydonga aylanganini ko‘rsatadi.

Anjumanlar doirasida sport boshqaruvi, xalqaro musobaqalarni tashkil etish, dopingga qarshi kurashni kuchaytirish va sport sohasida shaffoflikni ta’minlash masalalari muhokama qilinmoqda. Shu bilan birga, sportni rivojlantirishda zamonaviy yondashuvlar va xalqaro standartlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Anjumanlarning O‘zbekiston uchun ahamiyati

Bu tadbirlar O‘zbekiston uchun sport sohasida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish imkonini yaratmoqda. Yoshlar sportini qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani modernizatsiya qilish va kadrlar tayyorlash borasida ilg‘or tajribalarni joriy etishga zamin hozirlanmoqda.

Muhimi, O‘zbekiston endilikda faqat xalqaro sport jarayonlarining ishtirokchisi emas, balki Osiyo va jahon sporti rivojlanish strategiyasi shakllanadigan, muhim qarorlar qabul qilinadigan markaziy hab sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Teglar

Mavzuga oid