
Tramp: «Yadroviy ob’ektlarini qayta ishga tushirsa, Eronni yakson qilamiz»
AQSH prezidenti Donald Tramp Eron yadroviy dasturini qayta tiklashga urinsa, bu ob’ektlar darhol yo‘q qilinishini ma’lum qildi. U bu haqda Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan Shotlandiyadagi uchrashuvda bayonot berdi.

Tramp Erondan «yoqimsiz signallar» kelmoqda deb hisoblayotganini va forslarning yadroviy faoliyatni qayta boshlashga urinishlari keskin to‘xtatilishini aytdi. «Biz ularning yadroviy salohiyatini yo‘q qildik. Agar ishni boshdan boshlashsa, ularni yer yuzidan yo‘q qilib tashlaymiz. Buni ko‘z ochib yumguncha amalga oshiramiz», — dedi u jurnalistlar bilan suhbatda.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy 29 iyul kuni o‘z bayonotida AQSH va Isroil o‘rtasidagi qo‘shma iyun hujumida mamlakatning uran boyitish infratuzilmasiga og‘ir zarba berilganini ma’lum qildi. Uchta asosiy ob’ekt ishdan chiqarilgan, asosiy fizik olimlar halok bo‘lgan. Aroqchiy ham  bunaqa hujum yana takrorlansa, Eron darhol javob berishini ta’kidlagan.
The Washington Post nashri tahlilchisi Devid Ignatiusning ma’lum qilishicha, Eronga yadroviy qurol tayyorlash uchun endi kamida 1–2 yil vaqt kerak bo‘ladi — agar bu harakatlar maxfiy saqlansa. Ammo AQSH va Isroilning birgalikdagi hujumlari mamlakatning inson kapitaliga ham og‘ir zarba bergan: birinchi, ikkinchi va hatto uchinchi darajali olimlar o‘ldirilgan.
Isroil tomoni bu zarbalar yosh eronlik mutaxassislarni ham yadroviy dasturda ishtirok etishdan qaytarishiga umid qilmoqda. Shuningdek, hujumlar vaqtida Isroilga qarshi ishlab chiqilayotgan elektromagnit qurol loyihasi ham yo‘q qilingani ta’kidlangan.
 





