add

Transport vazirligiga yo‘llarda tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha senator so‘rovi yuborildi

25.09.2025 | 12:005373

Senator Erkin Gadoyev Toshkent yo‘llaridagi tirbandliklarni kamaytirish, Prezident tomonidan belgilangan vazifalar ijro etilishi va ularning kechikishi sabablari yuzasidan vazirlikdan hisobot talab qildi.

Transport vazirligiga yo‘llarda tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha senator so‘rovi yuborildi
Oliy Majlis Senatining byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev Transport vazirligiga yo‘llaridagi tirbandliklar bo‘yicha senator so‘rovi yubordi. Bu haqda Oliy Majlisi Senati axborot xizmati xabar berdi. So‘rovda poytaxtdagi yo‘llarda kuzatilayotgan muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot talab etilgan. Ayniqsa, o‘quv yili boshlanishi bilan yo‘llarda harakat keskin ortgani ta’kidlandi. Hatto ayrim kunlarda tirbandlik darajasi eng yuqori 10 ballga yetgani, bu esa ishga va o‘qishga kechikishlar, aholi vaqti zoye ketishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, har kuni 1 millionga yaqin kishi poytaxtga tashrif buyuradi. Ularning qariyb 275 ming nafari Toshkent viloyatidan kelib-ketadi. Bu holat, ayniqsa, ertalab va kechqurun tirbandliklarni yanada kuchaytirayotgani aytiladi. Shuningdek, «Intellektual transport» tizimi holati, jamoat transportini yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkazish jarayoni va prezident tomonidan belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan ham ma’lumot so‘raldi. Iyul oyida prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan o‘zi mashina haydab yo‘lda 15−20 daqiqa tirbandliklarga duch kelganini aytib, mas’ul idoralarga bu muammoni hal qilish topshirig‘ini bergan edi.

Teglar

Mavzuga oid