
Turizm qo‘mitasi mulozimi «davlatga xoinlik qilish»da ayblanib, 15 yilga qamalgan — manba
Sobiq Ekologiya vazirligi huzuridagi qo‘mitada ofis-menejer lavozimida ishlab kelgan N.A. «Davlatga xoinlik qilish»da aybdor deb topilib, Harbiy Sud tomonidan 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Bu haqda voqeadan xabardor Vaqt.uz manbalari xabar berdi.
Manbalardan birining ma’lum qilishicha, N.A. sobiq Ekologiya, atrof muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasida ofis-menejer lavozimida ishlab kelgan. Shuningdek, u 2025 yil 1-fevraldan vazirlikning boshqarma boshlig‘i sifatida ish boshlashi kutilgan, chunki nomzod Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (ARGOS) orqali test va suhbatlardan muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lgan.
2025 yil 24-yanvar kuni DXX tezkor guruhi tomonidan N.A. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 157-moddasi 1-qismi («Davlatga xoinlik qilish») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u hibsga olingan. Aynan shu ish doirasida boshqa bir vazirlik xodimasi ham hibsga olingan.
Sud mahkamalari davomida ayblov tomoni N.A.ning bir qator ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalariga yuborgani bilan bog‘langan. Ammo bo‘lib o‘tgan sud majlislari davomida sudlanuvchining advokatlari ayblov tomoni taqdim etigan materiallarda davlat sirlari shakllangan manba, qabul qiluvchi shaxs yoki hujjatning haqiqiyligini tasdiqlovchi biror dalil mavjud emasligini isbotlashga harakat qilishgan. Qolaversa, N.A.ning davlat sirlariga aloqdor hujjatlar bilan ishlash huquqiga ega bo‘lmagani, ayblovga asos bo‘lgan hujjatning kelib chiqish manbasi isbotlanmagani ta’kidlangan.
Shu bilan birga, himoya tomoni mustaqil manbalar orqali ayblovda tilga olingan «ELTUZ» Telegram kanali ma’muri bilan bog‘lanib, sudlanuvchiga oid ma’lumot yuborilgani tasdiqlanmagani haqida javob olganini ma’lum qilgan.
Birinchi instansiyadagi sud qaroridan norozi tomonlar apellyatsiya va keyinchalik kassatsiya shikoyati kiritgan. Hozirda ish Harbiy sudning kassatsiya hay’atida o‘rganilmoqda.
Teglar






