
Turkiyada O‘zbekistonning olti nafar fuqarosi qo‘lga olindi
03.10.2025 | 23:0017642
Ular giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatni sodir etishda gumon qilinmoqda.

Istanbulda olti nafar O‘zbekiston fuqarosi mahalliy politsiya tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, qo‘lga olinganlar orasida «Jasmin» nomi bilan tanilgan bloger ham bor. Ular giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatda gumon qilinmoqda. 29 sentyabr kuni ushbu shaxslar hibsga olinib, Maltepe yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasasiga joylashtirilgan.
Rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, tintuv tadbirlari davomida ayrim ashyoviy dalillar topilgan va ular ekspertizaga yuborilgan. Hozirda mahalliy tergov organlari ish yuzasidan surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
O‘zbekiston konsulxonasi mazkur holatni nazoratga olganini va fuqarolarning huquqiy manfaatlari ta’minlanishi uchun tegishli choralar ko‘rilayotganini qo‘shimcha qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha so‘nggi qaror Turkiya sudi tomonidan chiqarilishi kutilmoqda. Tergov yakuniga ko‘ra, gumonlanuvchilarning aybi isbotlansa, ularni jiddiy jazolar kutishi mumkin.





