add

Turkiyadagi zilzilada qulagan uyning quruvchisi qo‘lga olindi

12.08.2025 | 10:454943

Balikesir viloyatidagi 6,1 magnitudali zilzilada qulagan bino egasi va quruvchisi ehtimoliy beparvolik aybi bilan hibsga olindi.

Turkiyadagi zilzilada qulagan uyning quruvchisi qo‘lga olindi
10 avgust kuni Turkiyaning Balikesir viloyati Sindirg‘i shahrida 6,1 magnitudali zilzila sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Yer silkinishi oqibatida uch qavatli turar-joy binosi qulagan va 81 yoshli qariya halok bo‘lgan. Jami 29 kishi turli darajada jarohat olgan. Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya ma’lumotiga ko‘ra, zilzila 16 ta binoga zarar yetkazgan, ularning ko‘pchiligi tashlab ketilgan qishloq uylari hisoblanadi. Sindirg‘ida qulagan uy esa yashab kelinayotgan kam sonli inshootlardan biri bo‘lib, ushbu holat bino egasi va quruvchisini ehtimoliy beparvolikda ayblab hibsga olindi. Adliya vaziri Yilmaz Tunch ayblov «beparvolik orqali o‘lim va tan jarohati yetkazish» moddasi bo‘yicha qo‘yilganini bildirdi. Zilzila Istanbulda ham sezilib, 16 milliondan ortiq aholida xavotir uyg‘otdi. Mutaxassislar shaharda yirik zilzila xavfi saqlanib qolayotganini ta’kidlamoqda. Sog‘liqni saqlash vaziri Kamol Memiso‘g‘lining aytishicha, kasalxonaga yotqizilgan 29 kishidan 19 nafarining sog‘ligi yaxshilangani tufayli ruxsat berilgan, qolganlarining ahvoli barqaror. Hududda 200 dan ortiq aftershok qayd etilgan, eng kuchlisi 4,6 magnitudani tashkil qilgan. Turkiya yirik seysmik xavf zonasida joylashgan. 2023 yilda mamlakatda sodir bo‘lgan 7,8 magnitudali zilzila 53 mingdan ortiq insonning hayotiga zomin bo‘lgan, yuz minglab binolar vayron yoki shikastlangan. Yuqori qurbonlar soniga sifatsiz qurilish, nazoratning susligi va tizimli xatolar asosiy sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Teglar

Mavzuga oid