
Turkiyalik hakamlar va futbolchilar jazolandi
Turkiya futbol federatsiyasi sport garovlarida qatnashgani aniqlangan 102 nafar futbolchiga nisbatan intizomiy choralar qo‘lladi.

Professional futbol intizom kengashi «Galatasaroy» o‘yinchisi Eren Elmalini 45 kunga, Metexan Baltajini esa 9 oyga musobaqalardan chetlatganini ma’lum qildi. «Konyaspor» futbolchisi Ndao esa 12 oyga musobaqalardan chetlashtirildi. Bu haqda NTV xabar berdi.
Qolgan o‘yinchilarga ham turli xil jazo choralari qo‘llanildi.
Avvalroq xabar qilinganidek, Turkiyada 600 ga yaqin futbolchi o‘yinlarga noqonuniy pul tikish ishi bo‘yicha tergov olib borilayotgani sababli so‘roqqa chaqirilishi kutilmoqda edi.
Interpol Turkiya huquq-tartibot idoralari olib borayotgan ishga qiziqish bildirdi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘yinchilar, murabbiylar va agentlar Albaniya, Bolgariya hamda Shimoliy Kiprda faoliyat yurituvchi noqonuniy saytlarda stavkalar qilganlikda gumon qilmoqda.
Bundan oldin TRT Haber Turkiya futbol federatsiyasi (TFF) 149 nafar professional hakamni bukmekerlik idoralarida o‘yinlarga pul tikish uchun hisoblari aniqlangani sababli 8 oydan 1 yilgacha bo‘lgan muddatga musobaqalardan chetlatgani haqida xabar bergan edi.
Istanbul bosh prokuraturasi garov o‘yinlari ishi bo‘yicha 17 nafar hakamni qamoqqa olish uchun order chiqardi, hibsga olinganlar orasida Superliga klubi prezidenti ham bor.





