
«Turkmaniston – Xorazm – Qoraqalpog‘iston – Qozog‘iston» yo‘nalishida turistik halqa yo‘li ishlab chiqildi
20.08.2025 | 21:2029663
Yangi turistik halqa yo‘li gastronomik, etno, eko va ziyorat turizmini uyg‘unlashtirib, 15 dan ortiq tarixiy-madaniy ob’ektlarni o‘z ichiga oladi.

Prezident farmoni asosida Turkmaniston — Xorazm — Qoraqalpog‘iston — Qozog‘iston yo‘nalishi bo‘ylab turistik yo‘lak-halqa ishlab chiqildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yo‘nalishda sayyohlar quyidagi turizm turlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi:
Gastronomik turizm – har bir mintaqaning milliy taomlari bilan tanishish;
Ekoturizm – tabiiy go‘zalliklar va landshaftlar bag‘rida dam olish;
Etnoturizm – xalq urf-odatlari, an’analari va hunarmandchilik namunalari bilan tanishish;
Ziyorat turizmi – muqaddas qadamjolar va tarixiy-ma’naviy obidalarni ziyorat qilish.
Yo‘nalish doirasida YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hamda milliy va mintaqaviy ahamiyatga ega 15 dan ortiq ob’ekt qamrab olingan. Jumladan:
— Turkmanistonda - Qadimgi Marv shahri, Darvoza gaz krateri, Ko‘xna Urganch;
— Xorazmda - Ichan qal’a, Dushan qal’a;
— Qoraqalpog‘istonda - I.V. Savitskiy muzeyi, Qizil qal’a, Chilpiq qal’a, Sulton Uvays Bobo ziyoratgohi, Tuproq qal’a, Ayoz qal’a;
— Qozog‘istonda - Torish vodiysi, Bo‘zjira vodiysi, Shaqpaq Ota maqbarasi, Sherqal’a tog‘i.
«Bu turistik halqa nafaqat sayohat ixlosmandlari, balki madaniyat, tarix, san’at va tabiatni sevuvchilar uchun ham chinakam kashfiyot bo‘lishi mumkin», - deyiladi xabarda.
Sayyohlar va turistik tashkilotlarga mazkur yo‘nalish bo‘yicha mustaqil ravishda yoki turistik guruhlar tarkibida sayohatlarni tashkil etish tavsiya etilgan.





