
Ukraina aholisi 10 millionga qisqardi
24.08.2025 | 12:0042734
So‘nggi 2,5 yilda urush sababli Ukraina aholisi 40 milliondan 31,1 millionga kamaygan.

2022 yilda keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon mamlakat aholisi 10 million kishiga kamaygan. «Frontliner» ma’lumotiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 1990 yillardagi 50 millionlik aholidan sezilarli darajada kamayishdir. Demografik inqirozga urush, ommaviy ko‘chib ketish, o‘limning ko‘payishi va tug‘ilishning keskin pasayishi asosiy omil bo‘lmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi paytda 5 milliondan ziyod ukrainaliklar xorijda, asosan Polsha, Germaniya, Chexiya, Italiya va Ispaniyada istiqomat qilmoqda. Muhojirlarning ko‘pchiligi, ayniqsa chaqiruv yoshidagi erkaklar, vatanga qaytmoqchi emas. Hukumat ish o‘rinlari va uy-joy dasturlari orqali aholini qaytarishga urinayotgan bo‘lsa-da, millionlab fuqarolar o‘z hayotini chet elda qurmoqda.
Jang maydonlariga yaqin hududlar eng ko‘p aholi yo‘qotgan. Donetsk, Lugansk, Xerson, Zaporoje va Xarkiv oblastlarida asosan keksa odamlar qolmoqda. Urushning davom etishi, stress va tibbiy xizmatning zaifligi o‘lim ko‘rsatkichini oshirgan. 2023 yilda Ukrainada 495 ming kishi vafot etdi, bu urushgacha bo‘lgan darajadan sezilarli yuqori.
Shu bilan birga, tug‘ilish ko‘rsatkichi ham keskin pasaydi. 2023 yilda mamlakat tarixida eng kam bola – 180 ming chaqaloq dunyoga keldi. Demografik tarkibda qarish jarayoni kuchaymoqda: 60 yoshdan oshganlar ulushi 27 foizga yetgan, 18 yoshgacha bo‘lganlar esa atigi 15 foizni tashkil etmoqda.
2024 yilda hukumat 2040 yilgacha demografik strategiya qabul qildi. Ammo jurnalistlarning ta’kidlashicha, to‘lovlar inflyatsiya tufayli qadrsizlanmoqda, infratuzilma loyihalari esa sekin amalga oshmoqda. Tahlilchilarning prognoziga ko‘ra, agar vaziyat o‘zgarmasa, 2041 yilga borib Ukraina aholisi yana 10 millionga qisqarishi mumkin.





