
«Ustyurtda juda katta gaz zaxirasi topildi» — Shavkat Mirziyoyev
15.09.2025 | 17:3011923
Qoraqalpog‘istondagi Ustyurt platosida 6,5 ming metr chuqurlikkacha burg‘ulash ishlari olib borilib, sanoat tarixida ilk bor juda katta gaz zaxirasi topilgan.

Qoraqalpog‘istonning Ustyurt platosida 6,5 ming metr chuqurlikda amalga oshirilgan burg‘ulash ishlari sanoatimiz tarixida yangi bosqichni ochdi: birinchi marta shunchalik chuqurda yirik gaz zaxirasi aniqlandi. Bu haqda Prezident 15 sentyabr kunidagi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, ilgari qidiruv ishlari asosan 2,5–3 ming metr chuqurlikda amalga oshirilardi. Yangi topilma esa mamlakatning uglevodorod resurslari imkoniyatlarini yanada kengaytirayotganini ko‘rsatmoqda.
Mirziyoyev so‘zlariga ko‘ra, hozirgi global iqtisodiyotda tellur, litiy, selen, grafit va molibden kabi texnologik minerallarga talab keskin oshib bormoqda. Bu jarayon «to‘rtinchi sanoat inqilobi» bilan bevosita bog‘liq ekani qayd etildi.
Prezident shuningdek, dunyodagi volfram, molibden, rux va titan zaxiralarining 10–15 foizi O‘zbekiston va mintaqada joylashganini ta’kidladi. Bu esa mamlakat uchun strategik imkoniyatlarni kengaytirayotgan omil sifatida ko‘rilmoqda.
«Ulkan resurslarni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotga aylantirish uchun ilm, bilim va innovatsiya zarur», — deya ta’kidladi davlat rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy boyliklarni chuqur qayta ishlash iqtisodiyot uchun ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.





