UzNIF IPOsida o‘zbekistoniklar o‘rtacha 31,5 mln so‘mdan aksiya sotib oldi
O‘zbekiston tarixidagi ilk xalqaro IPOda mahalliy investorlar faol qatnashdi. IPO doirasida 214,6 mlrd so‘mlik UzNIF aksiyalari sotilgan bo‘lsa, ularning katta qismini chakana investorlar xarid qildi. Bu UzAuto Motors’ni ortda qoldirgan holda, mamlakat tarixidagi aksiyalarning eng yirik ommaviy chiqarilishi bo‘ldi.

O‘zbekiston fuqarolari Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) IPOsida o‘rtacha 31 mln 520 ming so‘mdan aksiyalar xarid qilgan. Bu haqda 20-may kuni IPO natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Tadbirda Templeton Asset Management bosh ijrochi direktori va Templeton Global Investments bosh investitsiya direktori Manraj Sehon, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshid Mustafoyev, shuningdek kompaniyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari Marius Dan qatnashdi.
13-may kuni, UzNIF IPO bo‘yicha natijalarni ma’lum qilgandi. Taklif doirasida jamg‘armaning 31 foiz aksiyalari 603,6 mln dollarga sotildi.
Kelgusi 30 kun ichida qo‘shimcha joylashtirish opsioni doirasida yana 3,5 mln donagacha GDR sotilishi mumkin. Agar ushbu mexanizm to‘liq ishga tushirilsa, IPO doirasida sotilgan ulush 35 foizgacha, jalb qilingan mablag‘ hajmi esa 692 mln dollargacha yetadi.
Tadbirda ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston tarixidagi ilk xalqaro IPOga qiziqish yuqori bo‘lib, umumiy talab 2,9 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunda asosiy qiziqish Buyuk Britaniya (41 foiz) va AQSH (37 foiz) hisobiga to‘g‘ri keldi.
Investorlar orasida taqsimlangan aksiyalarda esa Buyuk Britaniya yaqqol peshqadam bo‘ldi — 59 foiz. AQSHdagi investorlar uchun IPOdan 30 foiz ulush taqdim qilindi.
Mahalliy investorlarning IPOdagi ulushi esa 3 foiz bo‘lib, 214,6 mlrd so‘m yoki 17,7 mln dollarni tashkil qildi. Bunda aksiyalarning 71,6 foizi chakana investorlar hisobiga to‘g‘ri keldi.
Bu ko‘rsatkichlar bilan UzNIF O‘zbekiston tarixidagi eng yirik IPOga aylandi. Avvalgi eng yirik IPO UzAuto Motorsga tegishli bo‘lib, kompaniya kutilganidan uch barobar kam — 56,9 mlrd so‘m jalb qila olgandi.

UzNIF IPOsida 5 mingga yaqin mahalliy chakana investor qatnashgan bo‘lsa, ularning o‘rtacha xaridi 31,5 mln so‘m bo‘ldi.
O‘zbekistonliklar uchun aksiyalar narxi 4,65 so‘m qilib belgilangan bo‘lib, 12 mlrd so‘mgacha buyurtma bergan investorlarga 5 foizlik chegirma qo‘llanildi. Natijada ular aksiyalarni 4,41 so‘mdan xarid qildi.
18-may, savdolarning birinchi kunida UzNIF aksiyalar Toshkent fond birjasida 70 foizdan ko‘proq qimmatladi. 1 dona aksiya narxi 7,5 so‘mgacha ko‘tarildi.
Biroq, keyinchalik shu kuni bozorda narxlarning to‘g‘irlanishi sodir bo‘ldi va aksiyalar kunni 5,46 so‘m narx bilan yakunladi. 20-may holatiga ko‘ra, jamg‘armaning 1 dona aksiyasi narxi 5,78 so‘mni tashkil qilmoqda.
Ma’lumot uchun, UzNIF O‘zbekistondagi 13 ta strategik davlat aktivlari ulushidan shakllantirilgan. Ular orasida Uzbekistan Airways, Sanoatqurilishbank, O‘zbekiston temir yo‘llari kabi yirik aktivlar bor.





