
Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li loyihasiga milliy kompaniyalar jalb etilishi mumkin
10.07.2025 | 12:203123
Temir yo‘l loyihasi doirasida O‘zbekiston transport vaziri milliy kompaniyalarni subpudratchi sifatida jalb qilish taklifi bilan chiqdi. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishi mumkin.

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov Xitoyning «China Railway» korporatsiyasi bosh direktori Syude Sun va Xitoy Milliy rivojlanish va islohotlar qo‘mitasi Tashqi investitsiyalar departamenti rahbari o‘rinbosari Szin Sin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv Toshkentda bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar «Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston» temir yo‘l magistralini barpo etish loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va yuzaga kelayotgan masalalarni muhokama qildi.
Ilhom Mahkamov ushbu loyiha doirasida O‘zbekistonning milliy kompaniyalarini subpudrat ishlariga jalb qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdi. Uning ta’kidlashicha, mahalliy xomashyo bazasi va ishlab chiqarish salohiyatidan foydalanish loyihaning samaradorligini oshirish va mahalliy biznes uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, transport oqimini kengaytirish va yuk tashish hajmini oshirish maqsadida vazir Kashgar stansiyasiga eksport maqomi berishni tavsiya etdi. Bu taklif yo‘nalishning logistika salohiyatini kengaytirish va uning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Loyiha strategik ahamiyatga ega bo‘lib, mintaqa davlatlari o‘rtasida transport bog‘lanishini mustahkamlash va xalqaro savdo oqimini faollashtirishga qaratilgan.





