add

Xitoyda O‘zbekiston sayyohlik vakolatxonasi ochildi

02.09.2025 | 16:4514303

Pekinda ochilgan Turizm qo‘mitasi ofisi orqali 2030 yilgacha 3 million xitoylik sayyohni jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Xitoyda O‘zbekiston sayyohlik vakolatxonasi ochildi

O‘zbekiston Pekin shahrida Turizm qo‘mitasining rasmiy ofisini ochdi. Markazning ochilish marosimi 1 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi doirasida o‘tkazildi. Tadbirda qo‘mita rahbari Umid Shodiyev, Pekin tashqi va madaniy savdo assotsiatsiyasi ijrochi direktori Chi Lu hamda xitoylik turoperatorlar vakillari ishtirok etdi.

Yangi ofisning asosiy vazifasi Xitoy turizm biznesini O‘zbekiston bozoriga chiqishiga ko‘maklashish, ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va xorijiy investorlarga turizm sohasidagi imkoniyatlar haqida ma’lumot taqdim etishdan iborat bo‘ladi. Shu orqali sohada yirik biznes-loyihalarni amalga oshirishga zamin yaratilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston hukumati 2030 yilga qadar Xitoydan keluvchi turistlar sonini 3 millionga yetkazish maqsadini qo‘ygan. Solishtirish uchun, joriy yilning yetti oyida mamlakatga Xitoydan 60,8 ming sayyoh tashrif buyurgan.

Ikki davlat o‘rtasida 2024 yil dekabrida imzolangan kelishuv asosida 2025 yil 1 iyundan vizasiz tartib kuchga kirdi. Endilikda ikki mamlakat fuqarolari bir martalik tashrifda 30 kungacha, yarim yil mobaynida esa 90 kungacha qolish huquqiga ega.

Shu bilan birga, avia yo‘nalishlarga talab ham ortib bormoqda. Aviasales servisining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan Xitoy yo‘nalishlariga chipta bron qilish 66 foizga o‘sgan, o‘rtacha aviachipta narxi esa 44 foizga arzonlashgan. Eng ko‘p talab ko‘rilgan yo‘nalishlar orasida Guangjou yetakchilik qilmoqda, Pekin va Hangjouga ham qiziqish keskin oshgan.

Teglar

Mavzuga oid