add

Yevropa «Visa» va «Mastercard»ga muqobil to‘lov tizimi yaratmoqchi

Bugun 08:182 daqiqa

Yevropa Ittifoqi to‘lov infratuzilmasida AQSHga qaramlikni strategik xavf deb baholab, «Visa» va «Mastercard»ga muqobil yagona yevropa tizimini yaratish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.

Yevropa «Visa» va «Mastercard»ga muqobil to‘lov tizimi yaratmoqchi

Yevropa Ittifoqi to‘lov infratuzilmasida AQSH kompaniyalariga qaramlikni kamaytirish yo‘lini izlamoqda. «Financial Times» xabariga ko‘ra, Yevropa to‘lov tashabbusi (EPI) bosh direktori Martina Vaymert «Visa» va «Mastercard»ning ustun mavqei geosiyosiy bosim vositasiga aylanishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

Uning ta’kidlashicha, transatlantik munosabatlar yomonlashgan taqdirda, AQSH nazoratidagi to‘lov tizimlari Yevropa iqtisodiyoti uchun jiddiy risk tug‘diradi. Shu sababli, yagona yevropalik to‘lov tizimini shakllantirish «umumevropa ustuvor vazifasi» sifatida qaralmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda yevrozonadagi karta orqali amalga oshiriladigan to‘lovlarning katta qismi aynan amerikalik operatorlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

 

To‘lov bozori manzarasi

Yevropa markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda yevrozonadagi barcha karta to‘lovlarining qariyb uchdan ikki qismi «Visa» va «Mastercard» orqali o‘tgan. Yevropa Ittifoqiga a’zo 13 ta davlatda esa umuman milliy to‘lov muqobili mavjud emas.

YeMB Boshqaruv kengashi a’zosi Piero Chipollone bir necha bor Yevropa tashqi nazoratdagi moliyaviy infratuzilmalarga ortiqcha bog‘lanib qolmasligi kerakligini ta’kidlagan. Uning fikricha, to‘lov tizimi iqtisodiy suverenitetning muhim elementi hisoblanadi.

Mavjud milliy tizimlar bor mamlakatlarda ham ulardan foydalanish ulushi yil sayin qisqarib bormoqda, bu esa Yevropa uchun tizimli muammoga aylanmoqda.

 

Wero va raqamli yevro

Muammoga javob sifatida EPI 2024 yilda «Wero» mobil to‘lov xizmatini ishga tushirdi. U «Apple Pay»ga yevropa muqobili sifatida taqdim etilmoqda. Martina Vaymertning aytishicha, hozirda «Wero» Belgiya, Fransiya va Germaniyada 48,5 mln foydalanuvchiga ega.

2027 yilga borib, ushbu servis onlayn va oflayn to‘lovlarni ham qamrab olishi kutilmoqda. Uzoq muddatli yechim sifatida esa raqamli yevro ko‘rib chiqilmoqda. YeMB uni 2029 yillar atrofida joriy etishni rejalashtirmoqda.

Biroq Vaymertning ogohlantirishicha, geosiyosiy keskinlik kuchaygan sharoitda raqamli yevro kechikib qolishi mumkin. Shu bois Yevropa o‘z to‘lov mustaqilligini tezroq ta’minlashga intilmoqda.

Avvalroq AQSHning «Visa» to‘lov tizimi tranzaksiyalar soni bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolayotgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid