Logo

Yo‘l bezoriligi uchun avtomobilni musodara qilish chorasi taklif etilmoqda — YHXX

O‘zbekistonda yo‘l bezoriligiga qarshi jazolar keskin kuchaytirilishi mumkin. Xususan, Voyaga yetmaganlarga rul berish, noqonuniy poygalar va yo‘l bezoriligi uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Yo‘l bezoriligi uchun avtomobilni musodara qilish chorasi taklif etilmoqda — YHXX © O‘zbekiston 24

O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida qonunchilikka bir qator o‘zgartishlar kiritish taklif etildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Sherzod Ibragimov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, idoralararo ishchi guruh tomonidan yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilgan va ular Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan. Takliflar yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutadi.

Xususan, qo‘pol qoidabuzarliklarning besh turi uchun ma’muriy jazo sifatida transport vositasini vaqtincha olib qo‘yish chorasini joriy etish taklif qilinmoqda. Shuningdek, avtomobilni voyaga yetmagan shaxsga boshqarish uchun berish, noqonuniy poygalarni tashkil etish yoki ularda ishtirok etish uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilash rejalashtirilgan.

YHXX ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim holatlarda ota-onalarning transport vositasini voyaga yetmagan farzandlariga berishi o‘lim va tan jarohati bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining ortishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, aholi yashash punktlarida tashkil etilayotgan noqonuniy poygalar harakat ishtirokchilari xavfsizligiga jiddiy tahdid solayotgani qayd etildi.

Takliflar orasida transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan yoki bu huquqdan mahrum etilgan holda «yo‘l bezoriligi»ni sodir etgan shaxslarga nisbatan avtomobilni musodara qilish yoki vaqtincha olib qo‘yish chorasini qo‘llash ham bor. Shuningdek, mast holatda avtomobil boshqarganlik uchun 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosini tayinlash hamda qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilarni bir yil davomida jarimani chegirma bilan to‘lash huquqidan mahrum qilish taklif qilinmoqda.

Teglar

Mavzuga oid