Logo

Erta nikoh uchun belgilangan jarimalar miqdori oshirildi

Bugun 21:102 daqiqa

Endi voyaga yetmagan shaxs bilan nikoh munosabatiga kirishganlar 6,6 million so‘mgacha, farzandini erta turmushga bergan ota-onalar 11 million so‘mgacha, rasmiy qayd etilmagan diniy nikohni o‘tkazganlar esa 22 million so‘mgacha jarima to‘laydi.

Erta nikoh uchun belgilangan jarimalar miqdori oshirildi

O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish va ularning ta’lim olish huquqlarini ta’minlash maqsadida erta nikoh hamda qonuniy qayd etilmagan shar’iy nikohlar uchun javobgarlik choralari sezilarli darajada og‘irlashtirildi. 2026 yil 14-oktabrda imzolangan yangi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47.3-moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Qonunchilikdagi yangilanishlar natijasida moliyaviy javobgarlik sezilarli darajada oshdi va jarimalar miqdori quyidagicha ko‘rinish oldi:

• Voyaga yetmaganlar bilan nikoh munosabatlariga kirishish: Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqiy nikoh munosabatlariga kirishganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 10 baravaridan 15 baravarigacha, ya’ni 4,4 million so‘mdan 6,6 million so‘mgacha jarima belgilandi. (Avval bu ko‘rsatkichning eng yuqori chegarasi BHMning 10 baravarini tashkil etardi).

• Ota-onalar va qonuniy vakillar javobgarligi: Farzandini voyaga yetmasdan turmushga bergan yoki uylantirgan ota-onalar endilikda BHMning 20 baravaridan 25 baravarigacha — 8,8 million so‘mdan 11 million so‘mgacha jarimaga tortiladi. (Oldingi tahrirda jarima miqdori BHMning 15 baravarigacha edi).

• Norasmiy diniy marosimlarni o‘tkazish: FHDY organlarida rasmiy qayd etilmagan holda diniy marosim (shar’iy nikoh) o‘tkazganlik, xususan, bu ishni 18 yoshga to‘lmagan shaxslar ishtirokida amalga oshirgan diniy vakillar yoki boshqa shaxslar uchun eng og‘ir moliyaviy jazo — BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha, ya’ni 13,2 million so‘mdan 22 million so‘mgacha jarima belgilandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun teng — 18 yosh etib belgilangan. Qonunchilikka ko‘ra, faqatgina homiladorlik yoki farzand tug‘ilishi kabi uzrli sabablar mavjud bo‘lgandagina, tuman va shahar hokimlari tomonidan nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga (17 yoshgacha) qisqartirishga ruxsat beriladi. Qolgan barcha holatlarda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarni turmushga berish qonunan man etiladi.

Teglar

Mavzuga oid