add

Yozgi elektr energiyasi iste’molida rekord o‘rnatildi

22.07.2025 | 18:3037273

2025 yil iyul oyida O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli tarixda ilk bor qishki hajmdan oshib ketdi. Bu holat mamlakatda anomal issiqlar tufayli energiyaga talab oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Yozgi elektr energiyasi iste’molida rekord o‘rnatildi
Milliy dispetcherlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 16 iyuldan 21 iyulgacha bo‘lgan davrda sutkalik iste’mol va yuklama bo‘yicha rekord darajalar qayd etilgan. 18 iyul kuni mamlakat bo‘yicha kunlik iste’mol 272,6 mln kWhni tashkil etib, avvalgi qishki maksimumdan (271,8 mln kWh) ham yuqori natijaga erishdi. Shu kuni soat 17:00 da elektr tizimining yuklamasi 13,3 GWga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning iyul oyi rekordidan (11,8 GW) va qishki maksimal darajadan (12,5 GW) ancha yuqori. Eng katta o‘sish Toshkent shahrida kuzatildi. Poytaxtda sutkalik iste’mol 32,4 mln kWhni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 33 foizga ko‘p. Eng yuqori yuklama soat 14:52 da 1811 MW bo‘lgan. Energetika vazirligi ma’lum qilishicha, yuqori yuklama paytlarida uzilishlarning oldini olish uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ qoshida tunu kun ishlaydigan avariya brigadalari tashkil etilgan. Mavjud nosozliklar tezkorlik bilan bartaraf etilmoqda. Vazirlik aholidan energiyadan tejamkor foydalanishni so‘ramoqda. Bu nafaqat umumiy yuklama darajasini pasaytiradi, balki elektr ta’minoti barqarorligini ham ta’minlaydi.

Teglar

Mavzuga oid