AQSH Eronda strategik obyektlarga zarba berishni rejalashtirmoqda

Кеча 21:113 дақиқа

AQSH ma’muriyati Eronga qarshi to‘liq masshtabli urush emas, balki cheklangan operatsiyalar orqali bosim o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

AQSH Eronda strategik obyektlarga zarba berishni rejalashtirmoqda

Diplomatik aloqalar to‘xtab qolgan bir paytda, Pentagonda maxfiy ravishda so‘nggi o‘n yil ichidagi eng xavfli harbiy reja ustida ish olib borilmoqda. Mudofaa vazirligidagi manbalarga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Eron hududiga quruqlikdan qo‘shin kiritish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.

Gap 2003-yildagi kabi keng ko‘lamli bosqin haqida ketmayapti — Eronning 1,6 million kvadrat kilometrlik hududi hamda Zagros va Elburs tog‘ tizmalari mamlakatni to‘liq bosib olishni logistik jihatdan mushkul vazifaga aylantiradi. Faqat Tehronni qo‘lga kiritish uchungina 600 mingdan ortiq harbiy xizmatchi talab etiladi. Shu sababli, AQSH butun davlatni egallash emas, balki faqat eng muhim nuqtalarga aniq va tezkor zarba berish rejasini o‘ylab ko‘rmoqda.

1

I ssenariy: Xark oroliga hujum — «Iqtisodiy bo‘g‘ish»

Xark oroli Eron iqtisodiyotining «shoh tomiri» hisoblanadi. Fors ko‘rfazidagi ushbu mittigina hudud orqali mamlakat xom neft eksportining 90 foizi o‘tadi. Orolni egallash orqali AQSH Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining (IIQK) moliyaviy oqimlarini butunlay falaj qilishga erishadi. 13-mart kuni AQSH oroldagi harbiy obyektlarga zarbalar berdi, biroq neft infratuzilmasiga ataylab zarar yetkazmadi.

Orolning qo‘lga kiritilishi Vashingtonga Eronning iqtisodiy «jo‘mragi»ni o‘z nazoratida ushlab turish imkonini beradi. Biroq ushbu maxsus amaliyot Pentagon uchun katta tavakkalchiliklar bilan bog‘liq. Orol materikdan bor-yo‘g‘i 25 km uzoqlikda joylashgan. Bu degani, u yerda Amerika askarlari Eron raketalari va dronlari uchun doimiy nishonga aylanadi. Bundan tashqari, Tehron orolga boruvchi quvurlarni shunchaki yopib qo‘yishi mumkin. Bu esa orolning egallanishini iqtisodiy jihatdan ma’nosiz qilib qo‘yadi.

2

II ssenariy: Ho‘rmuz bo‘g‘oziga hujum

Eron bo‘g‘ozni amalda to‘sib qo‘yganidan so‘ng, global kema qatnovi 70 foizga qisqardi. «Brent» markali neft narxi bir barrel uchun 112–120 dollargacha ko‘tarildi.

Pentagon Jask portiga (O‘mon ko‘rfazi) dengiz piyodalarini tushirib, shimol tomon — Bandar-Abbos yo‘nalishida harakatlanish rejasini ko‘rib chiqishi mumkin. Ushbu operatsiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad — yuk tankerlari xavfsizligiga tahdid solayotgan raketa tizimlari, dengiz minasi omborlari va patrul kateri bazalarini zararsizlantirishdan iborat bo‘ladi.

Pentagon uchun bu eng maqbul harbiy ssenariy bo‘lib ko‘rinsa-da, bu kabi har qanday amaliyot qurolli to‘qnashuvlar ko‘lamining nazoratdan chiqib ketishiga va vaziyatning keskinlashib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.

III ssenariy: Isfaxondagi «uran ovi»

Bu Pentagonda «tarixdagi eng buyuk maxsus amaliyot» deb atalayotgan ulkan va xavfli rejadir. Gap Eronning uran zaxiralarini qo‘lga kiritish yoki zararsizlantirish haqida bormoqda.

Eronda 60 foizgacha boyitilgan taxminan 450 kg uran mavjud. Bu taxminan 11 ta yadroviy zaryad yaratish uchun yetarli. Xom ashyo Isfaxon ostidagi chuqur tunnellarda yashirilgan.

3

«Delta» guruhi va dengiz piyodalarining elita bo‘linmalaridan tashkil topgan 1000 kishilik qo‘shin muhandislar hamda yadroviy soha mutaxassislari hamrohligida tunnellardagi uranni qo‘lga kiritish uchun yo‘lga chiqishi mumkin.

Bunday vaziyatda Vashington tanlov qarshisida qoladi: uranni olib chiqib ketish yoki uning konsentratsiyasini shu yerning o‘zida pasaytirish.

Ammo uranni yo‘q qilish uchun Amerika maxsus kuchlari avvalo radioaktiv materialning aniq manzilini aniqlashi lozim. Hatto AEXA ham to‘qqiz oydan beri uranning aniq qayerdaligini tasdiqlay olmayapti. Tunnellarga yorib kirish uchun og‘ir texnika talab etiladi, bu esa kutilmagan hujum imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi.

Kirish bor, chiqish-chi?

G‘arb harbiy tahlilchilarining ogohlantirishicha, har uchta ssenariyning ham bitta zaif tomoni bor — chiqish strategiyasining yo‘qligi.

Agar Xark orolini egallash bir necha kunlik ish bo‘lsa, uni tinimsiz artilleriya zarbalari ostida ushlab turish oylab davom etishi mumkin.

Agar Isfaxondagi reyd noto‘g‘ri razvedka ma’lumotlari tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, AQSH dushman hududi ichkarisida sharmandali quruqlik jangiga kirib qoladi.

Shunday bo‘lsa-da, Tramp ma’muriyati uchun tikilgan garov hayot-mamot masalasiga aylangan. Oq uy tiyib turish siyosati endi naf bermaydi, Tehronning yadroviy ambitsiyalariga chek qo‘yishning yagona yo‘li — xavfni quruqlikdagi amaliyotlar bo‘yicha mutaxassislar yordamida jismoniy yo‘q qilishdan iborat, degan xulosaga kelgan ko‘rinadi.

Теглар

Мавзуга оид