Eskrou narxlari, o‘zgarishsiz qolgan asosiy stavka va Afg‘onistonga Ramazon tuhfasi —18-mart dayjesti

Кеча 23:203 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Eskrou narxlari, o‘zgarishsiz qolgan asosiy stavka va Afg‘onistonga Ramazon tuhfasi —18-mart dayjesti

Samarqandga 11 trillion so‘m yo‘naltirilyapti

Samarqand viloyatiga barcha manbalar hisobidan 11 trillion so‘m yo‘naltirilib, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 18 trillion so‘m kredit resurslari ajratilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda bu mablag‘lar ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, infratuzilmani yaxshilash va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, hududda qariyb 7 milliard dollarlik 106 ta yirik loyiha boshlanib, ular orqali 18 mingta ish o‘rni yaratish va 700 million dollarlik eksport salohiyatiga erishish rejalashtirilgan.

Loyihalar sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va turizm kabi turli sohalarni qamrab oladi. Xorijiy hamkorlar ishtirokida yangi ishlab chiqarish quvvatlari yaratilib, viloyatda sanoatni diversifikatsiya qilish va zamonaviy iqtisodiy tizimni shakllantirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ayrim tumanlarda sun’iy intellekt asosida rivojlanish modellari joriy qilinib, resurslarni samarali taqsimlash va yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Uy-joy va avtomobil eskrou bitimlari uchun komissiya miqdori tasdiqlandi

1-apreldan boshlab O‘zbekistonda eskrou tizimi orqali amalga oshiriladigan uy-joy va avtomobil oldi-sotdi bitimlari uchun komissiyalar cheklanadi. Yangi tartibga ko‘ra, ko‘chmas mulk bitimlari uchun xizmat haqi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan (206 ming so‘mgacha), avtotransport vositalari uchun esa 25 foizidan (103 ming so‘mgacha) oshmasligi belgilandi.

Shuningdek, agar xaridor va sotuvchiga bir bank xizmat ko‘rsatsa, komissiya bir marta undiriladi, turli banklarda bo‘lsa — har biri belgilangan limitning yarmidan oshmagan qismini oladi. Bitim bekor qilingan taqdirda mablag‘lar to‘liq xaridorga qaytariladi. Mazkur cheklovlar davlat ulushi mavjud banklarga taalluqli bo‘lib, xususiy banklar tariflarni mustaqil belgilaydi.

O‘zbekistonda qaysi davlat korxonalari ko‘p?

2026 yil 1-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 18 770 taga yetdi. Shundan 4 365 tasi qo‘shma korxona, 14 405 tasi esa to‘liq xorijiy kapitalga tegishli kompaniyalar hisoblanadi. So‘nggi besh yilda bunday korxonalar soni 1,4 barobarga oshgan, xorijiy kompaniyalar ulushi esa 55,2 foizdan 76,7 foizgacha ko‘tarilgan.

Davlatlar kesimida eng ko‘p korxona Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi — 5 257 ta. Keyingi o‘rinlarda Rossiya (3 214 ta), Turkiya (2 173 ta), Qozog‘iston (1 232 ta) va Janubiy Koreya (709 ta) joylashgan. Mutaxassislar bu o‘sishni investitsiya muhitining yaxshilanishi va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga qaratilgan islohotlar bilan izohlamoqda.

O‘zbekiston Afg‘onistonga insonparvarlik yordami yubordi

2026-yil 18-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi nomidan birodar Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordami yetkazildi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur ezgu tashabbus Ramazon hayiti munosabati bilan afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida amalga oshirildi.

Umumiy og‘irligi 290 tonnadan ziyod bo‘lgan insonparvarlik yuki – un, guruch, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, tez tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari, makaron, qandolat va boshqa turdagi mahsulotlardan iborat.

Asosiy stavka yana o‘zgarishsiz qoldirildi

O‘zbekiston Markaziy banki 2026 yil 18-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Qaror inflatsiyaning sekin pasayishi, oziq-ovqat narxlaridagi o‘sish va iqtisodiyotda yuqori talab saqlanib qolayotgani bilan izohlandi. Fevral oyida umumiy inflatsiya 7,3 foizni, bazaviy inflatsiya esa 6,3 foizni tashkil etgan.

Markaziy bankka ko‘ra, chakana savdo, ko‘chmas mulk bozori va budjet xarajatlari iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlamoqda, biroq tashqi xavflar va ishlab chiqaruvchilar narxlarining o‘sishi inflatsiyaga bosim o‘tkazishi mumkin. Shu bois pul-kredit siyosati qat’iy saqlanib, inflatsiyani o‘rta muddatda 5 foizga tushirish maqsad qilingan.

Теглар

Мавзуга оид