Texnogigantlar SI poygasini tezlashtirdi: sarmoyalar 448 mlrd dollarga yetdi

Sun’iy intellekt infratuzilmasiga sarmoyalar keskin o‘smoqda – «Alphabet», «Amazon», «Microsoft» kabi kompaniyalar so‘nggi yillarda xarajatlarni uch baravarga yaqin oshirdi.

Texnogigantlar SI poygasini tezlashtirdi: sarmoyalar 448 mlrd dollarga yetdi © business-standard.com

Jahonning eng yirik texnologik korporatsiyalari sun’iy intellekt (SI) infratuzilmasiga sarmoyalarni jadal oshirmoqda. 2022-yildan buyon ularning kapital xarajatlari qariyb uch baravarga ko‘paygan. 2025-yilning so‘nggi choragi yakunlariga ko‘ra, beshta yetakchi kompaniyaning umumiy investitsiyalari uch oy ichida 140 mlrd dollardan oshdi. Bu haqda «Visual Capitalist» xabar berdi.

Eksperimentlardan keng ko‘lamli rivojlanishga

«Epoch AI» tahqiqotiga ko‘ra, beshta giperskeyler – «Alphabet», «Amazon», «Meta», «Microsoft» va «Oracle»ning umumiy kapital xarajatlari 2022-yildagi 162,3 mlrd dollardan 2025-yil yakunlariga kelib 448,3 mlrd dollarga yetgan.

Burilish nuqtasi 2023-yil o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Shundan beri SIga sarmoyalar bosqichma-bosqich o‘sishdan keskin tezlashishga o‘tdi – o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 72 foizni tashkil etmoqda.

(foto)

Endi kompaniyalar alohida eksperimental loyihalardan voz kechib, keng ko‘lamli infratuzilma qurilishiga o‘tdi. Jumladan:

— ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini (data center) ommaviy qurish

— maxsus SI-chiplarni katta hajmda xarid qilish

— bulutli tarmoqlarni kengaytirish

Faqat 2025-yilning to‘rtinchi choragidayoq ushbu besh kompaniyaning umumiy xarajatlari 140,6 mlrd dollarni tashkil etgan.\

Investitsiya poygasi yetakchilari

Eng katta moliyaviy o‘sishni «Microsoft» namoyon etdi. 2022-yilning birinchi choragidan 2025-yilning to‘rtinchi choragigacha u o‘zining choraklik kapital xarajatlarini 30 mlrd dollarga oshirgan.

Ikkinchi o‘rinni «Amazon» egallab, 25 mlrd dollarlik o‘sishni qayd etdi. Uchinchi o‘rinda esa «Alphabet» («Google»ning ona kompaniyasi) bo‘lib, u 19 mlrd dollar qo‘shimcha sarmoya kiritgan.

Shuningdek, «Meta» va «Oracle» ham o‘z choraklik xarajatlarini mos ravishda 17 mlrd va 12 mlrd dollarga oshirgan.

(foto)

Xarajatlarni hisoblash xususiyatlari

Tahlilning maksimal xolisligini ta’minlash uchun mutaxassislar matbuot anjumanlarida berilgan bayonotlarga emas, balki rasmiy moliyaviy hisobotlarga tayangan. Jumladan, AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasiga taqdim etiladigan standart «10-Q» va «10-K» shakllari asos qilib olingan.Ushbu tadqiqotda «kapital xarajatlar» deganda faqatgina asosiy vositalarga (ko‘chmas mulk, zavodlar va uskunalar – PP&E) qilingan real pul sarflari, shuningdek, yangi moliyaviy lizing shartnomalari tushuniladi.

Bunday yondashuv taqqoslashni aniqroq qiladi, ammo tadqiqotchilar ta’kidlashicha, bu mablag‘larning barchasi ham faqat sun’iy intellekt (SI) loyihalariga yo‘naltirilmagan. Shu bilan birga, operatsion lizing shartnomalarining hisob-kitobga kiritilmasligi kompaniyalarning o‘z quvvatlarini kengaytirishga qaratilgan umumiy investitsiyalari hajmini biroz kamaytirib ko‘rsatishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид