Xalqaro aksiyalar bozoriga chiqqan O‘zbekiston, QQSning 80 foizi qaytariladigan zargarlar va Eskrou orqali eng ko‘p shartnoma tuzgan hududlar — 9-aprel dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekiston ilk bor xalqaro aksiyalar bozoriga chiqmoqda
O‘zbekiston ilk bor xalqaro aksiyalar bozoriga chiqmoqda. Milliy investitsiya jamg‘armasi mahalliy kompaniyalar aksiyalarini London va Toshkent birjalarida bir vaqtning o‘zida savdoga chiqaradi, IPO jarayonini “Franklin Templeton” muvofiqlashtirmoqda. Bu haqda Saida Mirziyoyeva ma’lum qilib, ushbu qadam xorijiy investorlar uchun muhim signal ekani va mamlakat global qoidalar asosida shaffof ishlashga tayyorligini ta’kidladi. 2026 yil 25-fevraldagi PQ–74-sonli qarorga ko‘ra, yil yakuniga qadar jamg‘arma ustav kapitalidagi 30 foizgacha aksiyalar ommaviy taklif orqali sotiladi.
Qaror doirasida korporativ boshqaruvni rivojlantirish, kuzatuv kengashlarida mustaqil a’zolar ulushini 50 foizga yetkazish va davlat ishtirokidagi tuzilmalarda zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish belgilangan. Aksiyalar xalqaro va mahalliy bozorlarda taklif qilinib, kapital bozorini rivojlantirishi va investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda. Shu bilan birga, dividendlarni kompaniya ixtiyorida qoldirishga oid hujjatlar qabul qilish taqiqlanadi hamda muhim moliyaviy va strategik ma’lumotlar avval Jamg‘arma, so‘ng Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan kelishiladi.
Zargarlarga QQSning 80 foizi qaytariladi
O‘zbekistonda zargarlik sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun yangi soliq imtiyozlari joriy etildi. Hukumatning 2024 yil 7-noyabrdagi 745-son qaroriga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, 2026 yil 1-yanvardan boshlab zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va chakana sotish bilan shug‘ullanuvchilarga budjetga to‘langan QQSning 80 foizi qaytariladi. Bu haqdagi tartib 2028 yil 1-yanvarga qadar amal qiladi va sohada tadbirkorlikni rag‘batlantirish hamda soyani qisqartirish maqsad qilingan.
Tadbirkorlar soliq hisobotini topshirgandan so‘ng 3 oy ichida qaytarish uchun murojaat qilishi mumkin bo‘lib, arizalar avtomatlashtirilgan dastur orqali ko‘rib chiqiladi. Qaytarish uchun soliq o‘z vaqtida to‘langan bo‘lishi, tushumning kamida 80 foizi zargarlik mahsulotlari savdosidan shakllangani va operatsiyalar to‘g‘ri identifikatsiya kodlari bilan rasmiylashtirilgani talab etiladi. Shuningdek, ishlab chiqaruvchilar uchun soliq bazasi mahsulot sotuv narxi bilan undagi qimmatbaho metall va toshlar qiymati o‘rtasidagi ijobiy farq asosida hisoblanadi.
Yashil energiya ishlab chiqarish hajmi 40 foizga oshdi
2026 yil yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2 mlrd 368,2 mln kW/h elektr energiyasi ishlab chiqarildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 678,1 mln kW/h ga ko‘p va 40 foizlik o‘sishni anglatadi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ishlab chiqarishning asosiy qismi shamol stansiyalariga to‘g‘ri kelib, ular 1 mlrd 208,6 mln kW/h energiya berdi, quyosh stansiyalari esa 1 mlrd 159,6 mln kW/h elektr ishlab chiqardi.
Ushbu o‘sish natijasida 631 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi va atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar hajmi 1,3 mln tonnaga kamaydi. Joriy hajm 3,9 mln xonadonning uch oylik yoki 986 ming xonadonning bir yillik ehtiyojini qoplash imkonini beradi. Solishtirish uchun, 2025 yilning shu davrida 1 mlrd 690,1 mln kW/h elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.
Eskrou orqali eng ko‘p shartnoma tuzgan hududlar ma’lum qilindi
1–7-aprel kunlari O‘zbekistonda eskrou mexanizmlari orqali 6 156 ta shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shundan 3 904 tasi transport vositalari oldi-sotdisiga, 2 252 tasi esa ko‘chmas mulk operatsiyalariga to‘g‘ri keldi. Hududlar kesimida eng yuqori faollik Toshkent shahrida (1 708 ta), shuningdek Farg‘ona viloyatida (598 ta) va Samarqand viloyatida (519 ta) qayd etildi.
Qashqadaryo (350 ta), Buxoro (341 ta), Xorazm (324 ta) va Surxondaryo (271 ta) viloyatlarida ham ma’lum faollik kuzatilgan, eng past ko‘rsatkichlar Navoiy (166 ta) va Sirdaryo (136 ta) viloyatlarida qayd etilgan. 1-apreldan eskrou orqali bitimlar uchun xizmat haqiga cheklovlar joriy etilgan bo‘lib, ko‘chmas mulk uchun komissiya BHMning 50 foizidan (206 ming so‘mgacha), avtotransport uchun esa 25 foizidan (103 ming so‘mgacha) oshmasligi belgilangan.
O‘zbekiston qurilish sohasida eng ko‘p xorijiy kompaniyalar Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelmoqda
2026 yil 1-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekiston qurilish sohasida 1 160 ta xorijiy kapital ishtirokidagi korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning eng katta ulushi Xitoyga tegishli bo‘lib, 495 ta kompaniyani tashkil etadi, bu umumiy ko‘rsatkichning qariyb yarmiga teng. Ikkinchi o‘rinda Turkiya (273 ta) joylashgan, qolgan yirik ishtirokchilar qatorida Rossiya (93 ta), Qozog‘iston (63 ta) va Janubiy Koreya (47 ta) bor.
Shuningdek, Ozarbayjon (35 ta), Tojikiston (31 ta), Turkmaniston (18 ta), Hindiston (16 ta) va Qirg‘iziston (13 ta) kompaniyalari ham ishtirok etmoqda, yana 76 ta korxona boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Xitoy kompaniyalari asosan yirik infratuzilma va sanoat obyektlarida, Turkiya investorlari esa turar-joy va biznes loyihalarida faol.





