Logo

1-noyabrdan biznesning elektr va gazga oldindan to‘lovi 15 foizga tushiriladi

Bugun 20:572 daqiqa

Bu qoida avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimlariga ulangan hamda masofadan o‘chirish yoki yoqish imkoniyatiga ega hisoblagichi bor tadbirkorlik subyektlariga nisbatan qo‘llanadi.

1-noyabrdan biznesning elektr va gazga oldindan to‘lovi 15 foizga tushiriladi

O‘zbekistonda 2026 yilning 1-noyabridan boshlab tadbirkorlik subyektlari uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha majburiy oldindan to‘lov miqdori 15 foiz etib belgilanadi. Bu haqda Prezidentning tadbirkorlar xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan yangi farmonida ma’lum qilindi.

Kimlarga tatbiq etiladi va istisnolar

Yangi tartib faqatgina zamonaviy hisoblagichlarga ega bo‘lgan biznes vakillari uchun amal qiladi.

«Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) hamda Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga (TGNHAT) ulangan, masofadan o‘chirish (yoqish) imkoniyatiga ega hisoblagichi bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazning oylik iste’moli uchun oldindan to‘lanadigan haq miqdori 15 foiz etib belgilansin», — deyiladi rasmiy hujjatda.

Shu bilan birga, so‘nggi ikki oy davomida to‘lov intizomiga rioya qilmagan iste’molchilar ushbu imtiyozdan mustasno ekanligi ta’kidlangan.

Yozma hisobotlar va qog‘oz shartnomalar bekor qilinmoqda

Farmonga ko‘ra, sohadagi byurokratik to‘siqlarni kamaytirish maqsadida tadbirkorlar uchun bir qator majburiyatlar bekor qilinmoqda.

Ma’lum qilinishicha, elektr energiyasi va gaz sarfi to‘g‘risidagi yozma hisobotlarni hududiy elektr va gaz ta’minoti korxonalariga topshirish majburiyati to‘liq bekor qilingan.

Bundan tashqari, tizimda shaffoflikni ta’minlash va jarayonlarni raqamlashtirish orqali qog‘ozbozlikka chek qo‘yiladi.

Iste’molchilarni elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish shartnomalarini elektron tuzish orqali ularni qog‘ozda rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid