40 nafar bog‘cha bolasini mast holda tashigan avtobus haydovchisi jazolandi
Buxoro viloyatining Romitan tumanida mast holatda 40 nafar bog‘cha bolasini tashib yurgan avtobus haydovchisi sud qarori bilan jazolanib, 3 yilga haydovchilik huquqidan mahrum etildi.
© Videodan lavha / YHXB28-aprel kuni YPX xodimlari tomonidan yo‘lovchi tashuvchi “Isuzu” avtobusi to‘xtatilgan. Tekshiruv jarayonida haydovchining mast ekani aniqlangan. Shu vaqtda avtobus salonida 40 nafar maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi bo‘lgan. Bu haqda Buxoro viloyati YHXB xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, haydovchi ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini ham bajarmagan. Keyinchalik o‘tkazilgan sud majlisida u o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirgan.
Sud haydovchini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasi 1-qismi, 194-moddasi 1-qismi va 128−8-moddasi 1-qismi bo‘yicha aybdor deb topdi.
Qarorga muvofiq, u 3 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi. Shuningdek, unga BHMning 40 baravari miqdorida — 16 million 480 ming so‘m jarima tayinlandi.
YHXB ushbu holatdan so‘ng ota-onalarni bolalar xavfsizligiga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirdi. Idora farzandlar taqdiriga befarq bo‘lmaslik va tashuvchilar faoliyatini nazorat qilish muhimligini ta’kidladi.
Avvalroq Navoiy viloyatining Nurota tumanida 14 nafar bog‘cha bolasi bo‘lgan “Matiz” yo‘l-transport hodisasiga uchragandi. Avtomobilni haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan oilaviy bog‘cha rahbari boshqargan. Hodisa oqibatida haydovchi ayol vafot etgan, bolalar esa shifoxonaga yotqizilgan.





