5 yil o‘qish va 1 yil amaliyot: Prezidentga tibbiyot kadrlarini tayyorlashning yangi tizimi taqdim etildi
Tibbiyot ta’limida qabuldan tortib amaliyotgacha bo‘lgan jarayon qayta ko‘rib chiqiladi. Eng katta o‘zgarishlardan biri umumiy tibbiyot dasturi bo‘ladi.
© Foto: president.uzPrezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda uzluksiz kasbiy ta’limni takomillashtirish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi yondashuv tibbiy ta’limni faqat nazariy bilim berishdan amaliy ko‘nikmalar va aniq kompetensiyalarni shakllantirishga o‘tkazishni nazarda tutadi. Ta’lim dasturlari xalqaro standartlarga moslashtirilib, mutaxassislarning bilim va malakasini xolis baholash mexanizmi kuchaytiriladi.
Takliflar Kembrij, Pensilvaniya va Garvard universitetlari tavsiyalari asosida xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan. Qabul parametrlari esa hududlar va tibbiyot muassasalarining real ehtiyoji hamda kadrlar yetishmovchiligidan kelib chiqib belgilanadi.
Olti yillik yangi ta’lim
2027/2028 o‘quv yilidan «Davolash ishi» o‘rniga 6 yillik «Umumiy tibbiyot» bakalavriat dasturini joriy etish taklif qilinmoqda. Bunda dastlabki besh yil ta’limga, keyingi bir yil esa to‘liq amaliy tayyorgarlikka ajratiladi.
Dasturni muvaffaqiyatli tugatgan bitiruvchilar oilaviy shifokor sifatida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu orqali birlamchi tibbiy yordam uchun zarur kadrlarni tayyorlashga e’tibor kuchaytiriladi.
Oilaviy tibbiyot rezidenturasida ham ta’lim va amaliyotni yaqinlashtirish ko‘zda tutilgan. Rezidentlar oilaviy poliklinikalarda bir vaqtning o‘zida o‘qish va amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tor mutaxassisliklar bosqichma-bosqich rezidenturaga o‘tkaziladi, magistratura esa asosan ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga yo‘naltiriladi.
Farmatsevtikada dual ta’lim
O‘rta tibbiyot kadrlari tayyorlashda ham yangi yondashuvlar joriy etiladi. Oliy ma’lumotli hamshiralarning tashxis, davolash va profilaktika jarayonlarida shifokorga yaqin ko‘makchi sifatidagi vakolatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Farmatsevtika ta’limi esa ishlab chiqarish bilan yanada yaqinlashtiriladi. Korxonalar ehtiyojidan kelib chiqib dual ta’lim kengaytirilib, amaliy mashg‘ulotlar ulushi oshiriladi.
Talabalar dori vositalarini ishlab chiqish, ishlab chiqarish, sifat nazorati va standartlashtirish jarayonlariga bevosita jalb etilishi ko‘zda tutilmoqda.





