Logo

Aholi murojaatlarini hal qilmagan 151 mansabdor ishdan olindi

Bugun 12:252 daqiqa

Sakkiz oyda murojaatlar bilan ishlashda kamchilikka yo‘l qo‘ygan xodimlariga chora ko‘rish bo‘yicha davlat tashkilotlariga 5 ming 486 ta hujjat kiritilgan.

Aholi murojaatlarini hal qilmagan 151 mansabdor ishdan olindi © Ijtimoiy tarmoqlar

2026-yil yanvar–avgust oylarida aholi murojaatlarini hal etishda kamchilikka yo‘l qo‘ygan 151 nafar davlat xodimi lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Prezident Xalq qabulxonalari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tahlillarga ko‘ra, sakkiz oy davomida murojaatlar bilan ishlashda kamchilikka yo‘l qo‘ygan xodimlarga chora ko‘rish bo‘yicha davlat tashkilotlariga 5 ming 486 ta hujjat kiritilgan.

Natijada vazifalarini yetarli darajada bajarmagan 151 nafar shaxs ishdan bo‘shatilgan. Yana 833 nafar xodimga hayfsan berilgan.

Shuningdek, 150 nafar xodim ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 1335 nafari rasman ogohlantirilgan. Faoliyatidagi kamchiliklar uchun 89 kishi jarimaga tortilgan, 8 nafar xodimning lavozimi pasaytirilgan.

Qaysi sohalarda ko‘p?

Prezident Xalq qabulxonalari tahlilida ayrim sohalarda aholi murojaatlari bilan ishlashda kamchiliklar ko‘proq kuzatilgani qayd etildi.

Xususan, bandlik, mahalla, Majburiy ijro byurosi, sog‘liqni saqlash, prokuratura, ijtimoiy himoya va energetika tizimlarida mas’ullar tomonidan eng ko‘p xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Murojaatlar bo‘yicha kiritilgan hujjatlar nafaqat aybdor xodimlarga chora ko‘rish, balki tizimdagi muammolarni bartaraf etishga ham qaratilgan.

Shu maqsadda murojaatlar soni yuqori bo‘lgan 10 ga yaqin tashkilotda amaliy o‘quv seminarlari tashkil etilgan. Ularda murojaatlar bilan ishlash tartibi va yo‘l qo‘yilayotgan xatolarni bartaraf etish masalalariga e’tibor qaratilgan.

Prezident Xalq qabulxonalari aholi murojaatlari asosida mas’ullarga chora ko‘rish bilan birga, ularning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish ishlarini ham olib bormoqda.

Teglar

Mavzuga oid