App Store'dan Rossiya ilovalari olib tashlandi
Apple kompaniyasi oldindan ogohlantirmasdan VK holdingiga tegishli barcha ilovalarni App Store platformasidan olib tashladi. Rossiya tomoni bu qarorni siyosiy sabablar bilan izohlab, Apple'dan rasmiy tushuntirish talab qilmoqda.
© russian.rt.com25-iyun kuni App Store’dan Rossiyaning VK holdingiga qarashli bir qator xizmatlar, jumladan Dzen, VK Video, VK Music, VK Messenger, Mail, VK Tanishuvlar, Odnoklassniki hamda VKontakte ijtimoiy tarmog‘ining asosiy ilovalari olib tashlandi.
VK matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Apple bu qarorni kompaniyani oldindan xabardor qilmasdan, bir tomonlama qabul qilgan.
«VK hech qachon sanksiyalar ostida bo‘lmagan va sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilmagan, buni xalqaro va amerikalik huquqshunoslarning ko‘plab xulosalari tasdiqlaydi. Huquqshunoslarning rasmiy xulosalari va barcha zarur ma’lumotlar allaqachon Apple ixtiyorida mavjud», — deyiladi holding bayonotida.
Shuningdek, kompaniya, ilgari o‘rnatilgan ilovalar Apple qurilmalarida ishlashda davom etishni ma’lum qilindi.
Max messenjeri bilan bog‘liq holat
Bundan avvalroq, 3-iyun kuni VK tarkibiga kiruvchi Max messenjeri ham App Store'dan g‘oyib bo‘lgandi. Apple uning o‘chirilishini sanksiya qonunchiligiga rioya etish, shuningdek, o‘zi faoliyat yuritayotgan mamlakatlar qonunlariga muvofiq harakat qilayotgani bilan izohlagandi.
«Rostelekom» rahbari Mixail Oseyevskiy Apple’ning bu harakatini «mutlaqo do‘stona bo‘lmagan qadam» deb baholagan. Rossiya Raqamli rivojlanish vaziri Maksut Shadayev esa iOS qurilmalaridan foydalanuvchilarning 20 milliondan ortig‘i Max messenjeridan foydalana olmay qolganini bildirgan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov VK ilovalarining App Store'dan olib tashlanishi Apple xizmatining ishonchliligiga shubha uyg‘otayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumati kompaniyadan rasmiy izoh kutmoqda. Agar tushuntirish berilmasa, Apple bilan hamkorlikni davom ettirish masalasi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi VK ilovalarining o‘chirilishini hech qanday asoslarsiz qabul qilingan siyosiy sabablarga ko‘ra chiqarilgan qaror deb atadi. Idora, shuningdek, Apple o‘chirilgan servislar, jumladan, favqulodda vaziyatlar xavfidan ogohlantirish uchun foydalaniladigan ijtimoiy ahamiyatga ega funksiyalarni «butunlay e’tiborsiz qoldirayotganini» ta’kidladi.
Bundan tashqari, vazirlik yuz bergan holatni «insofsiz raqobat ko‘rinishi» deb baholadi: idora fikricha, Apple shu yo‘l bilan rus ilovalari tomonidan siqib chiqarilayotgan xorijiy platformalar manfaatlarini himoya qilmoqda. Shu bilan birga, kompaniya o‘z qurilmalarida qidiruv tizimini odatiy holatda o‘rnatish va rus ilovalar do‘konini oldindan o‘rnatishga ruxsat bermayapti. Shu munosabat bilan vazirlik Federal monopoliyaga qarshi xizmatga ushbu faktlarni «tezkor tartibda ko‘rib chiqish» iltimosi bilan murojaat qildi.





