Logo

AQSH Qozog‘istonga talab qo‘ymoqchi: Yo Xitoy, yo Amerika

Bugun 09:002 daqiqa

Qo‘shma Shtatlar sun’iy intellekt va texnologiyalar sohasida Xitoy bilan raqobatda o‘z ittifoqchilaridan bir tomonni tanlashni talab qilmoqda.

AQSH Qozog‘istonga talab qo‘ymoqchi: Yo Xitoy, yo Amerika © Jason Lee, File Photo, Reuters

Qo‘shma Shtatlar o‘nlab mamlakatlarni Xitoy bilan texnologik qarama-qarshilikda o‘z pozitsiyasini aniqlab olishga chaqirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bunda Vashington bir vaqtning o‘zida Xitoyning raqobatchi tashabbusiga qo‘shilgan davlatlarni o‘zining sun’iy intellekt (SI) koalitsiyasidan chiqarib tashlashi mumkin. Bu haqda AQSH Davlat departamentining maktub loyihasi va amerikalik mulozimga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur maktub sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha Amerika deklaratsiyasini imzolagan 35 ta davlatga yuborilishi rejalashtirilmoqda. Ular qatorida sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish va muhim minerallardan erkin foydalanish sohasida hamkorlik qilish uchun mamlakatlarni birlashtiruvchi Pax Silica tashabbusi ishtirokchilari ham bor.

Qozog‘iston e’tibor markazida

Vashingtonning alohida e’tiborini Qozog‘iston tortdi. Ushbu mamlakat Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib Pax Silica tashabbusiga qo‘shilgan, biroq shu bilan birga Xitoy tomonidan yaratilgan sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlik koalitsiyasiga ham a’zo hisoblanadi.

Reuters xabariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Qozog‘iston har ikki tashabbusda bir vaqtda ishtirok etayotgan yagona ma’lum davlat bo‘lib turibdi.

AQSH maktubi loyihasida Pax Silica tashabbusida ishtirok etish shunchaki rasmiy a’zolik emas, balki muayyan majburiyatlarni anglatishi ta’kidlangan.

«Hamma narsaning bir qismi bo‘lish — hech narsaning bir qismi bo‘lmaslik demakdir», — deyiladi hujjatda.

Davlatlarga sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni «ongli ravishda tanlash» va uni Vashington raqobatchi deb hisoblaydigan tashabbuslardagi ishtirok bilan birlashtirmaslik taklif qilinmoqda.

AQSH va Xitoy o‘rtasidagi texnologik kurash

Pax Silica tashabbusi Vashington tomonidan sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgichlar va muhim minerallar bilan bog‘liq ta’minot zanjirlarini mustahkamlash maqsadida ishga tushirilgan.

Unga allaqachon yigirmaga yaqin davlat, jumladan Yaponiya, Avstraliya va Janubiy Koreya a’zo bo‘lgan.

O‘z navbatida, joriy yilning iyul oyida Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping Sun’iy intellekt sohasidagi butunjahon hamkorlik tashkiloti tuzilganini e’lon qilgan edi.

Pekin Amerika yondashuviga muqobil ravishda ochiq modelli texnologiyalarni ilgari surmoqda.

Ikki yirik davlat o‘rtasidagi sun’iy intellekt sohasidagi raqobat Xitoy modellarining jadal rivojlanishi fonida yanada keskinlashmoqda.

Agentlikka ko‘ra, ushbu modellar AQSH kompaniyalarining (jumladan, OpenAI va Anthropic) yopiq tizimlaridan ortda qolish farqini sezilarli darajada qisqartirmoqda.

Shuningdek, Vashington zamonaviy elektronika va texnologiyalar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan muhim minerallardan foydalanish imkoniyatini ta’minlashga intilmoqda. Bu sohada Xitoy katta ustunlikni saqlab qolgan va bu holat AQSH bilan savdo qarama-qarshiligida bosim o‘tkazish vositasiga aylanib ulgurgan.

Teglar

Mavzuga oid