«Asia Alliance Bank» islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya oldi
Ushbu muhim voqea bank rivojlanishida yangi bosqichni boshlab berib, islomiy moliyalashtirish tamoyillariga asoslangan moliyaviy xizmatlarni taqdim etish imkoniyatlarini kengaytiradi. Litsenziyaning qo‘lga kiritilishi bank tomonidan islomiy bank xizmatlarini joriy etish uchun zarur tashkiliy, me’yoriy va texnologik infratuzilmani yaratish bo‘yicha izchil olib borilgan ishlar natijasidir.

2026-yil 18-noyabr kuni «Asia Alliance Bank» ATB O‘zbekiston Markaziy bankidan islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya oldi. 3-I-sonli litsenziya Markaziy bank boshqaruvining 30/9-sonli qarori asosida berilgan bo‘lib, bankka O‘zbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonuni 5¹-moddasida nazarda tutilgan islomiy moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beradi. Litsenziya cheklanmagan muddatga berilgan.
Litsenziyaning qo‘lga kiritilishi bank tomonidan islomiy bank xizmatlarini joriy etish uchun zarur tashkiliy, me’yoriy va texnologik infratuzilmani yaratish bo‘yicha izchil olib borilgan ishlar natijasidir. Xususan, korporativ boshqaruv tizimini shakllantirish, shariat nazoratini yo‘lga qo‘yish hamda islomiy bank operatsiyalarining alohida hisobini tashkil etish bo‘yicha zarur choralar amalga oshirildi.
Islomiy banking — mijozlar uchun yangi imkoniyatlar
Islomiy moliyalashtirish — shariat tamoyillariga asoslangan muqobil moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish modeli bo‘lib, u ssuda foizidan (ribo) voz kechish, real aktivlar va iqtisodiy faoliyatni moliyalashtirish, tavakkalchiliklarni adolatli taqsimlash hamda biznes yuritishda axloqiy tamoyillarga rioya etishni nazarda tutadi. Ushbu yo‘nalishning rivojlanishi «Asia Alliance Bank»ga korporativ va chakana mijozlar, jumladan, islomiy moliyalashtirish tamoyillariga muvofiq moliyaviy vositalardan foydalanishga qiziqish bildirgan tadbirkorlar uchun moliyaviy yechimlar ko‘lamini kengaytirish imkonini beradi.
Mazkur yo‘nalishni yanada rivojlantirish doirasida bank O‘zbekiston qonunchiligi talablari va shariat standartlariga rioya etgan holda islomiy bank mahsulotlari hamda xizmatlarini bosqichma-bosqich joriy etishni rejalashtirmoqda.
O‘zbekiston moliya sektorini rivojlantirishga qo‘shiladigan hissa
Islomiy bank xizmatlarining joriy etilishi mamlakat moliya tizimini diversifikatsiya qilish, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda investitsiyalarni jalb etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi. Litsenziyaning qo‘lga kiritilishi «Asia Alliance Bank»ning mijozlar ehtiyojlariga javob beradigan va milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladigan zamonaviy moliyaviy yechimlarni rivojlantirishga tayyor ekanini tasdiqlaydi.
«Asia Alliance Bank» yangi islomiy bank mahsulotlari va xizmatlarini ishga tushirish muddatlari hamda ularni taqdim etish shartlari haqida mijozlarni o‘zining rasmiy axborot kanallari orqali xabardor qilib boradi.





