Logo

Auksionga chiqarilgan universitet binolari, xavfsiz hududlarga ko‘chiriladigan «zapravkalar» va yangi tartibda to‘lanadigan kasallik puli — 29-iyun dayjesti

Kecha 22:403 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Auksionga chiqarilgan universitet binolari, xavfsiz hududlarga ko‘chiriladigan «zapravkalar» va yangi tartibda to‘lanadigan kasallik puli — 29-iyun dayjesti

1-sentabrgacha ko‘chiriladigan «zapravkalar» ro‘yxati tuziladi

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, 1-sentabrga qadar xavfsizlik, shaharsozlik va ekologik talablarni buzgan hamda aholi hayotiga xavf tug‘dirayotgan yoqilg‘i quyish shoxobchalarining yagona reyestri shakllantiriladi. Shundan so‘ng ularni bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chirish ishlari boshlanadi. 2025 yilda 6196 ta obyekt tekshirilib, 46,7 mingdan ortiq qoidabuzarlik aniqlangan, 464 ta shoxobcha faoliyati esa vaqtincha to‘xtatilgan.

Qarorga muvofiq, 1-sentabrdan xizmat muddati tugagan yoki xavfli uskunalardan foydalanish taqiqlanadi. Shuningdek, gaz quyish shoxobchalarida avtomobil gaz ballonlarining texnik ko‘rikdan o‘tgani Eco-Himoya va U-Gas tizimlari integratsiyasi orqali onlayn tekshiriladi. Ko‘chirish jarayonida tadbirkorlarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlari saqlab qolinadi.

Toshkentdagi Nizomiy universitetining yana ikkita binosi auksionga qo‘yildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Nizomiy nomidagi Milliy pedagogika universitetining Tabiiy fanlar va Filologiya fakultetlari binolarini E-auksion orqali sotuvga chiqardi. Tabiiy fanlar fakultetining boshlang‘ich narxi 325,9 mlrd so‘m, Filologiya fakultetiniki esa 141,1 mlrd so‘m etib belgilangan. Har ikki obyektni xarid qilgan investor ular negizida nodavlat ta’lim muassasasini tashkil etishi shart.

Auksion savdolari 20-iyul kuni boshlanishi rejalashtirilgan. Binolar 2027 yil 31-dekabrgacha yoki universitetning Yangi Toshkentdagi kampusi foydalanishga topshirilgach bo‘shatilishi ko‘zda tutilgan. Bungacha universitetning asosiy kampusi hamda yana qator binolari xususiylashtirish dasturi doirasida auksionga chiqarilgan edi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi ikkita o‘tkazish punkti xalqaro maqomga ega bo‘ladi

Qozog‘iston Senati O‘zbekiston bilan chegaradagi o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi bitimga kiritilgan o‘zgarishlarni ratifikatsiya qildi. Unga ko‘ra, «Sirdaryo—Malik» va «Selinniy—Oq oltin» avtomobil o‘tkazish punktlarining maqomi xalqaro darajaga o‘zgartiradi va ular 24 soatlik ish rejimiga o‘tadi. Bu chegaradan o‘tish jarayonini tezlashtirish hamda transport oqimini samarali boshqarishga xizmat qiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, «Selinniy—Oq oltin» orqali yengil avtomobillar, bo‘sh yuk mashinalari va yirik yuklar harakatlanishi mumkin bo‘ladi. «Sirdaryo—Malik» punkti esa yengil avtomobillar va bo‘sh yuk transportlari uchun ochiq bo‘ladi, ammo u orqali tijorat yuklarini olib o‘tishga ruxsat berilmaydi.

O‘zbekiston FIFA reytingida 10 pog‘ona pastladi

2026 yilgi Jahon chempionatidagi omadsiz ishtirokdan so‘ng O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFAning onlayn reytingida 50-o‘rindan 60-o‘ringa tushdi. Jamoa qariyb 49 reyting ochkosini yo‘qotib, 1409,73 ball to‘pladi. Bu natija bilan O‘zbekiston Saudiya Arabistoni va Qatardan keyin joylashdi.

Jahon chempionatida O‘zbekiston K guruhidagi uchala uchrashuvda ham mag‘lubiyatga uchrab, ikki gol urdi va o‘z darvozasidan 11 ta to‘p o‘tkazib yubordi. FIFAning mazkur reytinglari hozircha dastlabki hisoblanadi, rasmiy yangilangan reyting esa 20-iyul kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.

Endi kasallik nafaqalari davlat ijtimoiy sug‘urtasi orqali to‘lanadi

2026 yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi. Endi kasallikning dastlabki besh kuni uchun nafaqani ish beruvchi, oltinchi kundan boshlab esa Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi to‘laydi. Yangi tartib majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan qamrab olingan va kamida olti oylik sug‘urta stajiga ega xodimlarga tatbiq etiladi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, sug‘urta staji 6 oydan 8 yilgacha bo‘lganlarga o‘rtacha ish haqining 60 foizi, 8 yildan ortiq stajga ega xodimlarga esa 80 foizi miqdorida nafaqa tayinlanadi. Barcha jarayonlar elektron tarzda amalga oshiriladi: ariza talab qilinmaydi, nafaqalar esa «Baraka» tizimi orqali avtomatik ochiladigan virtual kartaga o‘tkaziladi.

Teglar

Mavzuga oid