Bank ilovalarida P2P o‘tkazmalar va biometrik identifikatsiya tartibi o‘zgardi
Endi banklar OTP-kodsiz amalga oshiriladigan pul o‘tkazmalari uchun eng yuqori summani o‘zlari belgilaydi. Agar bunday o‘tkazmada firibgarlik yuz bersa, bank yoki to‘lov tashkiloti javobgar bo‘ladi.
© Sun'iy intelekt2026-yil 16-noyabrdan Markaziy bankning masofaviy moliyaviy xizmatlar xavfsizligiga oid nizomiga kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kirdi.
Yangi tartibga ko‘ra, banklar va to‘lov tashkilotlari OTP-kod yoki boshqa tasdiqlash usuli talab qilinmaydigan o‘tkazmalar uchun eng yuqori summani mustaqil belgilaydi. Belgilangan miqdordan oshgan pul o‘tkazmalari esa albatta OTP-kod yoki boshqa usul bilan tasdiqlanishi kerak.
Masalan, bank OTP-kodsiz pul yuborish chegarasini 100 ming so‘m qilib belgilasa, undan yuqori summadagi o‘tkazma uchun qo‘shimcha tasdiqlash talab etiladi. Qarorda barcha banklar uchun yagona miqdor belgilanmagan.
Agar tasdiqlash talab qilinmaydigan o‘tkazmada firibgarlik sodir bo‘lsa, buning uchun bank yoki to‘lov tashkiloti javob beradi. Shuningdek, P2P o‘tkazmalarni veb-saytlar orqali amalga oshirish mumkin emas.
Ma’lumot o‘rnida, OTP-kod (One-Time Password) - bu bank ilovasiga kirish yoki pul o‘tkazmasi kabi amaliyotlarni tasdiqlash uchun telefon raqamiga SMS orqali yuboriladigan bir martalik maxsus kod. U odatda 4 yoki 6 ta raqamdan iborat bo‘ladi va faqat bir marta ishlatiladi.
Telefon raqami yaqin qarindosh nomida bo‘lsa…
Avval bank ilovasida ro‘yxatdan o‘tish uchun telefon raqami foydalanuvchining o‘z nomida bo‘lishi kerak edi. Endi esa telefon raqami yaqin qarindoshi nomida rasmiylashtirilgan fuqaro ham ilovadan foydalanishi mumkin.
Buning uchun qarindoshlik munosabatini tasdiqlash talab etiladi. Nizomda yaqin qarindoshlar qatoriga ota-ona, aka-uka, opa-singil, farzandlar, er-xotin hamda er yoki xotinning ota-onasi, aka-ukasi, opa-singillari va farzandlari kiritilgan.
Biometrik identifikatsiya qachon talab qilinadi?
Yangi tartibga ko‘ra, bank ilovasida ro‘yxatdan o‘tish, parolni tiklash va akkauntga boshqa qurilmadan kirishda biometrik identifikatsiyadan o‘tish shart.
Biroq bank kartasini ilovaga biriktirishda biometrik tekshiruv talab qilinmaydi. Buning uchun SMS orqali yuborilgan OTP-kodni kiritish kifoya.
Agar foydalanuvchi akkauntiga boshqa telefondan kirsa yoki parolini tiklasa, ilovaga biriktirilgan barcha bank kartalari vaqtincha nofaol holatga o‘tadi. Kartalarni OTP-kod yordamida qayta faollashtirish mumkin.
Telefonda zararli dastur aniqlansa, bank xabar beradi
Agar bank yoki to‘lov tashkiloti foydalanuvchining telefonida zararli dastur borligini yoki qurilma masofadan boshqarilayotganini aniqlasa, mijozga SMS va PUSH-xabar yuborishi shart. Xabarda vaziyatni aniqlashtirish uchun bank bilan bog‘lanish kerakligi ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, foydalanuvchi bank ilovasida pul o‘tkazmasi yoki boshqa moliyaviy operatsiyani tasdiqlashidan oldin ogohlantirish oladi. Bu ogohlantirish mijozga operatsiyani o‘zi bajarayotganini va firibgarlar ta’sirida emasligini tekshirishga yordam berishi kerak.
Shuningdek, bank ilovalarida karta egasi va pul o‘tkazmasini qabul qiluvchining ism-familiyasi to‘liq ko‘rsatilmaydi. Ma’lumotlarning bir qismi yashirilgan holda aks ettiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank masofaviy moliyaviy xizmatlardan foydalanish tartibini soddalashtirish bo‘yicha nizomga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilgandi. Loyiha bank kartalarini ilovaga ulash, biometrik identifikatsiya va P2P o‘tkazmalar bilan bog‘liq talablarni qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutgan.





