
Barcha maktablar Prezident maktablarining baholash tizimiga o‘tadi
«O‘zbekiston-2030» strategiyasining yangi tahririda 2030 yilgacha umumta’lim va maktabgacha ta’lim tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

«O‘zbekiston-2030» strategiyasining yangi tahrirdagi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun regulation.adliya.uz portaliga joylashtirildi. Unda O‘zbekiston ta’lim tizimini yangilashga qaratilgan qator tashabbuslar ham ko‘zda tutilgan.
Ushbu loyihaga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish asosiy maqsadlardan biri etib belgilangan. Xususan, 2030 yilgacha 1 ming nomdagi yangi avlod darslik majmualarini chop etish rejalashtirilgan. Ushbu majmualar darsliklar, mashq daftarlari hamda pedagoglar uchun metodik qo‘llanmalarni o‘z ichiga oladi.
Shu bilan birga, yangi avlod darsliklari asosida planshetlar uchun 1 mingta multimedia dasturlarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Bu raqamli ta’limni rivojlantirish va o‘quv jarayonini zamonaviy texnologiyalar bilan boyitishga xizmat qiladi.
Ta’lim sifatini oshirish maqsadida kadrlar salohiyatini mustahkamlash ham rejada bor. Jumladan, ta’lim tashkilotlariga har yili 600 nafar «til egalari» bo‘lgan xorijiy mutaxassislarni jalb etish orqali chet tillarini o‘qitish darajasini oshirish maqsad qilingan.
Eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarda qo‘llanilayotgan baholash tizimini barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga joriy etish nazarda tutilgan. 2030 yilga qadar bunday maktablar ulushini 100 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, loyihada maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish masalalari ham qamrab olingan. Xususan, 2030 yilgacha bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish, barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarini toza ichimlik suvi hamda zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan to‘liq ta’minlash maqsad qilingan.
Shu bilan birga, bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan 100 foiz qamrab olish rejalashtirilib, bu orqali boshlang‘ich ta’limga tayyorlik darajasini oshirish ko‘zda tutilmoqda.





