Beeline egasi O‘zbekistonda bank ochish yoki sotib olishni rejalashtirmoqda
VEON O‘zbekiston va Qozog‘iston bank bozorlariga kirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Kompaniya bankni noldan tashkil etishi yoki mavjud moliya muassasasini sotib olishi mumkin.
© Veon«Beeline Uzbekistan» egasi bo‘lgan xalqaro telekommunikatsiya guruhi VEON O‘zbekistonda bank tashkil etish yoki mavjud bankni sotib olish orqali bozorga kirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Kompaniya bu rejalarini 16-noyabr kuni Nyu Yorkda o‘tkazilgan Capital Markets Day tadbirida ma’lum qildi.
VEON to‘lovlar va raqamli aktivlar bo‘yicha direktori Ahmet Kayhan investorlar bilan suhbatda guruh O‘zbekiston va Qozog‘istonda bank litsenziyasini oish imkoniyatlarini o‘rganayotganini aytdi.
«O‘zbekistonda ham, Qozog‘istonda ham imkoniyatlardan kelib chiqib, mavjud bankni sotib olish yoki yangisini tashkil etish orqali bank litsenziyasini olishga intilmoqdamiz», — dedi u.
Kompaniya AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) bazasida e’lon qilgan taqdimotda ham O‘zbekiston va Qozog‘iston moliyaviy xizmatlarni kengaytirish hamda bank litsenziyalarini olish rejalashtirilayotgan bozorlar sifatida ko‘rsatilgan.
Bank litsenziyasi guruhga to‘lov xizmatlari doirasidan chiqib, depozitlar jalb qilish va yirikroq kreditlar ajratish imkonini beradi. Kelgusida kompaniya sug‘urta va investitsiya mahsulotlarini ham rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
O‘zbekistondagi faoliyati va moliyaviy ko‘rsatkichlar
O‘zbekistonda VEON allaqachon elektron hamyon xizmatlarini ko‘rsatmoqda va mikrokreditlashni rivojlantirmoqda. Kompaniyaning o‘z bahosiga ko‘ra, uning elektron hamyoni mamlakat bozorida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi.
VEON'ning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, 2026-yilning to‘qqiz oyi davomida «Beeline Uzbekistan» va guruhning mamlakatdagi boshqa xizmatlari daromadi 5,9 foizga o‘sib, 3,03 trillion so‘mga, EBITDA ko‘rsatkichi esa 4,4 foizga oshib, 1,1 trln so‘mga yetgan. Umumiy daromadning 2,55 trln so‘mi (+3,5 foiz) telekommunikatsiya va infratuzilma biznesi hissasiga, 483,2 mlrd so‘mi (+20,1 foiz) esa raqamli xizmatlarga (jami daromadning 15,9 foizi) to‘g‘ri kelgan. Beeline alohida tarzda Beepul to‘lov xizmatining ikkinchi chorakdagi daromadi 87 mlrd so‘mdan oshganini ma’lum qilgan.
2026-yil uchinchi choragi holatiga ko‘ra, «Beeline Uzbekistan» qariyb 7,4 mln mobil aloqa abonentiga xizmat ko‘rsatmoqda. Guruh telekommunikatsiya xizmatlaridan tashqari, Beepul moliyaviy ilovasi, OQ raqamli brendi va hambi superilovasini ham rivojlantirmoqda. Uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra, Hambi auditoriyasi 4,9 mln, Kinom 2,9 mln, Beepul va OQ esa 800 ming nafardan faol foydalanuvchini tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning oktabr oyida VEON guruhi O‘zbekistonda Perfectum aloqa operatorini 207 mln dollarga sotib olgandi.





